O‘zbekistonda pedagoglar malaka toifa sinovlarida qatnashgan salkam 59 foiz o‘qituvchi attestatsiya imtihonidan o‘ta olmagan. Bu haqda, 19-may kuni AOKAda malaka toifa sinovlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Axborot xizmat rahbari Dilfuza Sobirova ma’lum qildi.
Attestatsiyadagi sinov testlari mutaxassislar, olimlar, amaliyotchi pedagoglar ishtirokida xalqaro testologiya me’yorlari asosida ishlab chiqilgan. Belgilangan mezonlar asosida 46ta fandan uchta: o’zbek, rus va qoraqalpoq tillarida 30 mingga yaqin nazorat-sinov materiallari tayyorlangan.
Joriy yildagi toifa sinovlarida ishtirok etish uchun 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn shaklda ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177,640 nafari (umumiy arizachilarning 95%i) jarayonlarda qatnashgan. Shuningdek, o’rnatilgan tartib-qoidalarni buzganligi sababli 75 nafar pedagog sinovdan chetlashtirilgan. Bu masalada tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Attestatsiya natijalariga ko’ra, umumiy hisobda 73 mingdan ziyod pedagoglar ijobiy natija ko’rsatgan. Bunda:
10504 nafari – oliy toifa
23200 nafari – I toifa
27805 nafari – II toifa olgan.
6603 nafari esa mutaxassis lavozimini saqlab qolgan. Lekin 104 mingga yaqin (58,9%) o’qituvchi attestatsiya imtihonidan o‘ta olmagan.
Shuningdek, 15-16-may kunlari o‘tkazilgan kasbiy sertifikatlash sinovlarida 4880 nafar o‘qituvchi ishtirok etgan.
Endi pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi sertifikat yuboriladi.