Chetda o‘qiyotgan yoshlarimizning atigi 1 foizi “Top-100”dagi oliygohlarga kirgani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, “Top-10” bilan “Top-200”dagi ta’lim narxi bir-biridan atigi 15-20 foizga farq qiladi.
“Yoshlarimiz juda iqtidorli. Ularni tizimli yo‘naltirib, oliygoh tanlashga ko‘maklashib, maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘ysak bo‘ldi, ko‘rsatkichlarimiz karrasiga oshadi”,
— dedi Prezident.Davlatimiz rahbari “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturini boshlash va “Garvardchilar maktabi”ni ochish bo‘yicha katta farmon imzolaganini aytdi.
Bu muassasa Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida tashkil etiladi. Bu yil 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, xalqaro maktabda “Top-10” oliygohlariga maqsadli tayyorlanadi.
Bundan tashqari, Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi umumta’lim maktablariga biriktiriladi.
Milliy dastur asosida maslahatchilar maktablardan har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchini tanlab olib, AQShning Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi oliygohlariga tayyorlaydi.