Bu qurilma har kuni minglab surat olib, koinotni chuqur o‘rganadi.
NASA yangi SPHEREx nomli kosmik teleskopini ishga tushirdi. 2025-yil 1-maydan boshlab u osmonning barcha qismlarini suratga olib, 3D xarita tuzishni boshladi. Bu jarayon ikki yil davom etadi va qurilma kuniga taxminan 3 600 ta surat oladi.
SPHEREx Yerdan 650 km balandlikda harakat qiladi va har kuni Yer atrofida 14 martadan ortiq aylanadi. Har bir aylanishda u osmonning bir bo‘lagini suratga oladi. Atigi 6 oy ichida u osmonning barcha yo‘nalishlariga nazar soladi.
Bu suratlar oddiy emas — har biri infraqizil nurlarda olinadi. Inson ko‘zi bu nurlarni ko‘ra olmaydi, lekin SPHEREx yordamida ularni o‘rganish mumkin. Qurilma bir vaqtning o‘zida 6 xil detektor bilan ishlaydi va har bir surat 6 qismdan iborat bo‘ladi. Har kuni shunday 600 ta “ekspozitsiya” olinadi.
SPHEREx suratlarni olishda dvigatel emas, ichidagi maxsus aylanuvchi g‘ildiraklar yordamida harakatlanadi. Bu texnologiya yoqilg‘i tejaydi va qurilmani uzoq ishlashiga yordam beradi.
SPHEREx ilgari COBE kabi qurilmalar bajargan ishni yanada mukammalroq amalga oshirishi koʻzda tutilgan. U 102 xil nur to‘lqinlarini ajratadi va bu orqali galaktikalar qayerda joylashganini, ular orasidagi masofani va hatto ularning tarkibini aniqlaydi. Masalan, u suv molekulalari bor-yo‘qligini ham ko‘ra oladi.
Shuningdek, SPHEREx koinot qanday paydo bo‘lganini ham chuqur o‘rganadi. NASA mutaxassislariga ko‘ra, katta portlashdan keyin koinot bir lahzada juda katta hajmga kengaygan — bu hodisa “kosmik inflyatsiya” deb ataladi. SPHEREx ana shu ilk lahzalar haqida ham ma’lumot beradi, — deyishmoqda olimlar.