Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

  • Bosh sahifa
  • Fan-texnika
  • “1 foiz ham emas” – Uzcosmos eksperti Sovet kosmik apparatining O‘zbekistonga qulashi ehtimolini tahlil qildi
Fan-texnika

“1 foiz ham emas” – Uzcosmos eksperti Sovet kosmik apparatining O‘zbekistonga qulashi ehtimolini tahlil qildi

Jarayon 07.05.20252 daqiqa o'qiladi
Pochta :28

Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda bundan 53-yil oldin “Venera-8” missiyasi doirasida uchirilgan “Kosmos-482” sayyoralararo kosmik apparatning yerga qulashi bilan bog‘liq xabarlar keng muhokama qilinmoqda.

 

Bir qator manbalar uning geolokatsiyasi Osiyo yoki Markaziy Osiyo davlatlari hududiga to‘g‘ri kelishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

 

Uzcosmos agentligi bo‘lim boshlig‘i Ahror Agzamovning ma’lum qilishicha, haqiqatdan 1972-yil 31-mart sanasida Sobiq Sovet Ittifoqining “Venera” dasturi bo‘yicha “Kosmos-482” sayyoralararo kosmik apparati fazoga uchirilgan.

 

“Biroq raketa-tashuvchining yakuniy bosqichi muvaffaqiyatsiz ishlashi oqibatida u Yer orbitasida qolib ketgan. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, apparatning yerga qulashi 9-11-may kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin.

 

“Kosmos-482″ning aniq qayerga qulashini aytish biroz mushkul. Uning O‘zbekiston hududiga tushishining ehtimoli esa hozircha 0,3-0,5% oralig‘ida baholanmoqda. Apparatning katta qismi atmosferaga kirishi bilan yonib ketsa-da, Veneraning og‘ir sharoitlarida qo‘nish va ishlash uchun mo‘ljallangan yarim tonnaga (500 kg) yaqin massali titan shari alohida xavf tug‘diradi.

 

Bu komponent yer atmosferasiga kirishda omon qoladi va butunlay qulab tushadi. Parashyut borligiga qaramay, koinotda 53-yil bo‘lganidan keyin u ishlamasligi mumkin. Yerga urilish tezligi esa soatiga 500 km’gacha yetishi kutilmoqda.

 

Bo‘laklar topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish va hech qanday holatda apparat qoldiqlari bilan aloqada bo‘lmaslik tavsiya etiladi, chunki ular tarkibida xavfli kimyoviy moddalar bo‘lishi mumkin,” – deyiladi Uzcosmos agentligi Yangi texnologiyalarni tadbiq qilish bo‘limi boshlig‘i bildirgan munosabatda.

 

Shu o‘rinda qo‘shimcha qilib o‘tish lozim, sobiq Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosi mazkur “Venera” dasturining so‘nggi bosqichlarida munosib ishtirok etgan.

 

U “Venera-13 va 14” (1982) va “Vega-1 va 2” (1985) apparatlari uchun grunt olish va burg‘ilash qurilmalarini loyihalashtirgan va ishlab chiqargan. Ularni sinovdan o‘tkazish esa Toshkent viloyatidagi Nevich qishlog‘ida joylashgan sinov markazida amalga oshirilgan.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *