Qurilishda pudratchi va subpudratchilar tuzadigan shartnoma va bajarilgan ishlar dalolatnomasi raqamlashtiriladi, unda haqiqiy ish haqi fondi alohida ko‘rsatiladi. Loyiha-smeta hujjatlari esa soliq organlari tizimiga ulanadi. Bu Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-242-son farmoni bilan tasdiqlangan qonun ustuvorligi milliy dasturida belgilangan.
“Shaffof qurilish” tizimida nima o‘zgaradi
- loyiha-smeta hujjatlari raqamli shaklda ro‘yxatdan o‘tkazilib, soliq organlari axborot tizimiga integratsiya qilinadi;
- loyiha-smeta hujjatlari qurilish resurslari milliy katalogi asosida ishlab chiqiladi va bu katalog ham soliq tizimiga ulanadi;
- pudratchi va subpudratchi shartnomalari hamda bajarilgan ishlar dalolatnomasi raqamlashtirilib, unda haqiqiy ish haqi fondi alohida aks ettiriladi.
Bu bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2026-yil dekabrgacha tayyorlanadi. Ijroga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Bosh prokuratura, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi mas’ul.
“Yashirin iqtisodiyot xaritasi”
Shu band bilan yashirin iqtisodiyot ko‘lamini baholash uchun “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” yagona onlayn platformasini yaratish bo‘yicha Prezident farmoni loyihasi ham 2026-yil dekabrgacha tayyorlanadi. Platforma soha va hududlarda yashirin iqtisodiyot ko‘lami va byudjet yo‘qotishlarini aniqlaydi, eng xavfli soha va hududlarni toifalarga ajratadi, prokuror nazorati esa shu ko‘rsatkichlar asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Bu kimga tegishli?
Qurilish ishchilariga: dalolatnomada haqiqiy ish haqi fondi ko‘rsatilsa, “konvertdagi” oylik va norasmiy bandlik kamayadi, ishchining staji va pensiyasi uchun soliq to‘lanadi. Qurilish kompaniyalari uchun esa smeta va bajarilgan ishlar soliq organlariga ochiq bo‘ladi.



