Suv tejovchi sug‘orish texnologiyalariga beriladigan subsidiyalar xatlovdan o‘tkaziladi, kam samarali subsidiyalar natija beradiganlariga almashtiriladi. 5 yil va undan ko‘p foydalanib kelayotgan fermerlarga esa tizimni tiklash uchun imtiyoz beriladi. Bu Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-242-son farmoni bilan tasdiqlangan suv resurslari milliy dasturida belgilangan.
Fermerlar uchun nima o‘zgaradi
- suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha besh yillik manzilli dastur tasdiqlanadi;
- mavjud subsidiyalar samaradorligi tahlil qilinib, amalda kam samara beradiganlari sifatli natija beradigan mexanizmlarga almashtiriladi;
- imtiyozli kredit va subsidiya ajratish tizimi soddalashtiriladi;
- suv tejovchi tizimdan 5 yil va undan ko‘p foydalanib kelayotgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga tizimni qayta tiklash uchun imtiyoz beriladi;
- subsidiya hisobidan o‘rnatilgan tizimlardan samarali foydalanish nazorati kuchaytiriladi.
Bu bo‘yicha Prezident qarori loyihasi 2026-yil dekabrgacha tayyorlanadi. Maqsad — 2030-yilgacha sug‘oriladigan barcha ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz joriy etish. Ijroga Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul.
Bu kimga tegishli?
Fermer va dehqon xo‘jaliklariga, ayniqsa 5 yildan ortiq oldin tomchilatib yoki yomg‘irlatib sug‘orish tizimini o‘rnatgan va uni yangilashi kerak bo‘lganlarga. Imtiyoz miqdori va olish tartibi Prezident qarori chiqqach ma’lum bo‘ladi.



