Ishsiz yoki band bo‘lmagan fuqarolar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining vaucheri bilan talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi mumkin bo‘ladi. Texnikumlar soni xalqaro ta’lim standartlari asosida 300 taga yetkaziladi. Bu Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-242-son farmoni bilan tasdiqlangan ta’lim milliy dasturida belgilangan.
Texnikumlarda nima o‘zgaradi
- ichki va tashqi mehnat bozorida talab yuqori kasblar bo‘yicha xalqaro ta’lim standartlari joriy etilgan texnikumlar soni 300 taga yetkaziladi;
- texnikumlardagi barcha ta’lim dasturlari xalqaro standartlar asosida qaytadan ishlab chiqiladi;
- ish beruvchi talabi asosida dual ta’lim kengaytiriladi, kasbga o‘qitishda amaliy mashg‘ulotlar ulushi 70 foizga yetkaziladi;
- 2031-yilgacha texnikumlarda 1 mln yoshni yuqori daromadli kasblarga o‘qitish maqsad qilingan.
Bu choralar 2027–2030-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ijroga Kasbiy ta’lim agentligi va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ul.
Bu kimga tegishli?
Ishsiz yoki band bo‘lmagan, kasb o‘rganmoqchi bo‘lgan fuqarolarga va texnikumga kirmoqchi bo‘lgan 9-sinf, 11-sinf bitiruvchilariga. Vaucher berish tartibi alohida hujjat bilan belgilanadi — e’lon qilinishi bilan xabar beramiz. Texnikum o‘quvchilari endi “Work and Travel” uchun ham ssuda olishi haqida — alohida maqolamizda.




