Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida davlat-xususiy sheriklik asosida 500 ta bog‘cha quriladi. Har yili kamida 100 ta bog‘cha qurilishi yoki rekonstruksiya qilinishi kerak. Bu Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-242-son farmoni bilan tasdiqlangan ta’lim milliy dasturida belgilangan.
Loyiha qachon boshlanadi
| Bosqich | Muddat |
|---|---|
| Loyiha konsepsiyasini tasdiqlash | 2027-yil yanvar |
| Yer uchastkalarini ajratish | 2027-yil fevral |
| Tenderning 1-bosqichi | 2027-yil mart |
| Tenderning 2-bosqichi | 2027-yil avgust |
| G‘olibni e’lon qilish va DXSh bitimini imzolash | 2027-yil oktabr |
Xususiy bog‘chalarga yer va imtiyozli kredit
Xususiy bog‘cha ochishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hujjat loyihasi 2027-yil aprelgacha tayyorlanadi. Unda quyidagilar ko‘zda tutilgan:
- nodavlat bog‘chalar uchun yer ajratish va imtiyozli kredit liniyalarini ishga tushirish;
- tarbiyachilar uchun “Tarbiyachi” onlayn ta’lim platformasini yaratish va malaka oshirishning yangi tizimi;
- nodavlat bog‘chalarga byudjet subsidiyasi ajratish shartlarini qayta ko‘rib chiqish va subsidiyani ta’lim sifatiga bog‘lash.
6 yoshli bolalar uchun majburiy tayyorlov
2027-yildan barcha 6 yoshli bolalar bir yillik bepul majburiy maktabga tayyorlov bilan 100 foiz qamrab olinishi kerak. Hududlarda ehtiyojni xatlovdan o‘tkazish 2026-yil dekabrda yakunlanadi, tayyorlov guruhlari xonalari 2027–2028-yillarda mebel va jihozlar bilan to‘liq ta’minlanadi. Farzandni tayyorlov guruhiga qanday yozish haqida — alohida maqolamizda.




