“Work and Travel” xalqaro dasturlarida qatnashib, ta’tilda chet elda ishlamoqchi bo‘lgan yoshlarga beriladigan ssuda endi faqat talabalarga emas, texnikum o‘quvchilariga ham beriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-son qarori bilan 2025-yildagi 290-son qarorga kiritilgan o‘zgartishda belgilandi.
Kimlar ssuda oladi
Ssuda 2025-yil 15-maydan talabalarga, 2026/2027 o‘quv yilidan esa texnikumlarda o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarida o‘qiyotgan o‘quvchilarga beriladi. Ariza beruvchi:
- 16 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi;
- oliy yoki kasbiy ta’lim tashkilotida kunduzgi, kechki yoki dual shaklda o‘qishi;
- O‘zbekiston fuqarosi yoki O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi kerak.
Bitiruvchi kurs talabalari va o‘quvchilariga ssuda berilmaydi.
Qancha va qaysi davlatlarga
Ssuda Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan har yili 2 000 nafargacha yoshga beriladi. Miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari, ya’ni hozirgi BHM bilan 17,6 mln so‘m.
Pul quyidagi davlatlarga borib-kelish va boshqa xarajatlar uchun beriladi: Yevropa Ittifoqi davlatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya.
Ariza qayerga beriladi va pul qachon qaytariladi
Ariza Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali beriladi. O‘qish joyi HEMIS yoki EMIS PT tizimlari orqali tekshiriladi. Agar ma’lumot tizimda bo‘lmasa, ta’lim muassasasidan murojaat kunidan 10 kun ichida olingan ma’lumotnoma PDF shaklida ilova qilinadi.
Ssuda vizada ko‘rsatilgan chet elda bo‘lish muddatining so‘nggi kunidan boshlab bir oy ichida Yoshlar ishlari agentligiga to‘liq qaytarilishi kerak.
Ish beruvchilar ro‘yxati xorijdaish.uz’da bo‘ladi
Migratsiya agentligi 2027-yil 1-yanvardan “Work and Travel” dasturida qatnashadigan ish beruvchilar ro‘yxatini shakllantirib, “xorijdaish.uz” platformasiga joylab boradi. Agentlik har yili 1-martgacha xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash choralarini ko‘radi va viza hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam beradi.




