Toshkentda 1–22-noyabr kunlari 19 457 nafar yo‘lovchi avtobusda yo‘l haqini to‘lamay qo‘lga tushdi. Har birining 2 500 so‘mlik yo‘lkirasi hisoblansa, to‘lanmagan pul 48,6 mln so‘mni tashkil etadi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Bu raqam tekshiruvda aniqlangan holatlar soni: har bir holat bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Tekshiruvga tushmagan yo‘lovchilar bu hisobga kirmaydi.
Kuniga 884 nafar
Noyabrda kuniga o‘rtacha 884 nafar yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamagani aniqlangan. Yil boshidan buyon esa bunday holatlar soni 158 237 taga yetdi.
Taqqoslash uchun: noyabrning 22 kunida undirilgan jarimalar 449,9 mln so‘mni tashkil etdi. Bu shu davrda to‘lanmagan yo‘lkiradan qariyb 9 baravar ko‘p. Yil boshidan buyon undirilgan jarimalar jami 3,66 mlrd so‘mdan oshdi.
Tekshiruv o‘tkazilgan yo‘nalishlarda yo‘lovchi ko‘paydi
18–21-noyabr kunlari nazorat 8, 11, 14, 28, 93, 116 va 131-yo‘nalishlarda o‘tkazildi. Bu yo‘nalishlarda to‘rt kunda 449 802 nafar yo‘lovchi tashildi, bu o‘tgan haftadagidan 5 792 nafarga (1,3 foiz) ko‘p. Shu kunlarda ularda 1 228 nafar yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamagani aniqlandi.
Yo‘lovchilar soni eng ko‘p oshgan yo‘nalishlar:
- 11-yo‘nalish: 11,2 foiz;
- 28-yo‘nalish: 5,4 foiz;
- 8-yo‘nalish: 3,5 foiz;
- 14-yo‘nalish: 1,7 foiz.

Yo‘l haqi qancha va qanday to‘lanadi
1-oktyabrdan amaldagi tarifga ko‘ra, avtobusda elektron to‘lovda yo‘l haqi 2 500 so‘m. Bir soat ichida ikkinchi avtobusga o‘tilsa 1 500 so‘m olinadi, uchinchi va keyingi avtobuslar bepul.
To‘lov uchun transport kartasini yoki bank kartasini validatorga tekkizish, yoxud QR-kodni skanerlash kifoya. Validatorlar Visa, Mastercard, Uzcard, Humo va UnionPay kartalarini qabul qiladi.
Yo‘l haqini to‘lamasdan yurish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasiga (transportda chiptasiz yurish) ko‘ra jarimaga sabab bo‘ladi.




