O‘zbekiston xalqaro CEOWORLD Magazine nashrining 2027-yil uchun sayohat xavfsizligi reytingida 198 ta davlat va hudud orasida 27-o‘rinni egalladi. Mamlakat 100 balldan 81,03 ball to‘plab, “juda yuqori” xavfsizlik toifasiga kirdi.
Reyting 23-noyabr kuni CEOWORLD Magazine saytida e’lon qilindi. “Juda yuqori” toifaga 80 va undan ko‘p ball olgan 34 ta davlat kiritilgan. Markaziy Osiyodan bu toifaga faqat O‘zbekiston tushgan.
Markaziy Osiyo davlatlari reytingda
| Davlat | O‘rin | Ball | Toifa |
|---|---|---|---|
| O‘zbekiston | 27 | 81,03 | juda yuqori |
| Qozog‘iston | 44 | 76,87 | yuqori |
| Turkmaniston | 57 | 72,45 | yuqori |
| Qirg‘iziston | 65 | 70,30 | yuqori |
| Tojikiston | 73 | 68,11 | yuqori |
Reyting yetakchilari — Singapur (89,72 ball), Yaponiya (88,91) va Islandiya (88,73). Birinchi o‘ntalikka Sloveniya, Shveytsariya, Chexiya, Finlandiya, Avstriya, Portugaliya va Tayvan ham kirgan.
Reyting qanday tuzilgan
Nashr har bir davlatni to‘rt ko‘rsatkich bo‘yicha 100 ballik shkalada baholagan:
- AQSh Davlat departamenti va Kanada hukumatining sayohat bo‘yicha tavsiyalari — 35 foiz;
- Iqtisodiyot va tinchlik instituti (IEP)ning 2026-yilgi Global tinchlik indeksi — 30 foiz;
- aholining jinoyatchilikdan qanchalik xavfsiz his qilishini ko‘rsatuvchi Numbeo xavfsizlik indeksi — 20 foiz;
- BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra qasddan odam o‘ldirish darajasi — 15 foiz.
AQSh tavsiyasida O‘zbekiston — birinchi darajada
AQSh Davlat departamenti 2026-yil 26-yanvarda O‘zbekiston uchun sayohat bo‘yicha eng past xavf darajasini — 1-darajani (“Exercise Normal Precautions”, ya’ni odatiy ehtiyot choralariga rioya qilish) belgilagan. Departament tavsiyalari to‘rt darajadan iborat:
- 1-daraja — odatiy ehtiyot choralariga rioya qilish;
- 2-daraja — qo‘shimcha ehtiyotkorlik;
- 3-daraja — sayohatni qayta ko‘rib chiqish;
- 4-daraja — sayohat qilmaslik.
Shu bilan birga, tavsiyada amerikalik sayyohlarga O‘zbekistonga kelganidan keyin 3 kun ichida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish, faqat rasmiy taksi yoki taksi ilovalaridan foydalanish, olomon joylarda cho‘ntakkesarlardan ehtiyot bo‘lish va vodoprovod suvini qaynatmasdan ichmaslik maslahat berilgan.
CEOWORLD Magazine — biznes, iqtisodiyot, texnologiya va sayohat mavzularini yorituvchi ingliz tilidagi onlayn nashr.




