Toshkentning toʻrtta markaziy koʻchasida jamoat transporti uchun umumiy uzunligi 17,9 kilometrlik alohida BRT yoʻlaklari barpo etiladi, koʻchalarning oʻzi ham qayta taʼmirlanadi. Bu haqda Toshkent shahri hokimining 29-oktabrdagi 563-son qarori qabul qilindi.
Qaysi koʻchalarda?
Qarorga ilova qilingan roʻyxatga koʻra, yangi yoʻlaklar quyidagi uchastkalarda quriladi:
- Muqimiy koʻchasi (Yakkasaroy va Chilonzor tumanlari) — 4,6 km;
- Qoratosh va Koʻkcha darvoza koʻchalari (Shayxontohur tumani) — 4,2 km;
- Parkent koʻchasi (Mirzo Ulugʻbek tumani) — 2,8 km;
- Mirzo Ulugʻbek shohkoʻchasi — 6,3 km.
Loyiha buyurtmachisi etib “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ belgilandi. Loyiha hujjatlarini tayyorlash va dastlabki xarajatlar uchun Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasidan 6,5 mlrd soʻm ajratiladi. Asosiy qurilish va taʼmirlash ishlari esa tijorat banklari kreditlari hamda hokimlikning sohaviy jamgʻarmalari hisobidan moliyalashtiriladi.
Ishlar boshlanishidan oldin bu koʻchalardagi muhandislik tarmoqlari va quduqlar ularni balansida saqlovchi tashkilotlar hisobidan taʼmirlanadi yoki xavfsiz joyga koʻchiriladi. Qurilish davomida chorrahalarda tirbandlikning oldini olish choralari koʻriladi, zarur boʻlsa, ayrim joylarda transport harakati vaqtincha cheklanadi.
Eslatib oʻtamiz, oktabr oyi oxirida poytaxtdagi Amir Temur shohkoʻchasi va Yangi Sergeli koʻchasida ham BRT yoʻlaklari qurilishi boshlangan edi.
Manba: Toshkent shahri hokimining 563-son qarori.
