Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 12 023.46 −42.76 EUR 13 461.47 +17.29 RUB 149.44 −0.30

Kiberxavfsizlik xodimlari har ikki yilda malaka oshiradi

Ekranida buyruqlar satri koʻrinib turgan noutbuk

Davlat organlari va davlat ulushi 50 foiz yoki undan koʻp boʻlgan tashkilotlarda kiberxavfsizlikka masʼul xodimlar 1-noyabrdan boshlab Cyber university davlat universitetida muntazam malaka oshiradi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 28-oktabrdagi 594-son qarori bilan joriy etildi.

 

Hujjatga koʻra, mazkur xodimlar kamida ikki yilda bir marta oʻqishdan oʻtishi shart. Xodimlarning oʻqitilishini tashkil etish uchun tashkilot rahbarining raqamlashtirish va sunʼiy intellekt boʻyicha oʻrinbosari shaxsan javobgar boʻladi. Bu talab markaziy apparat bilan birga hududiy va quyi boʻgʻinlardagi xodimlarga ham tegishli.

 

Kiberxavfsizlik boʻyicha tan olingan xorijiy sertifikatga ega xodimlar sertifikat amal qiladigan muddatda kurslarga jalb qilinmaydi. Qaysi xorijiy sertifikatlar tan olinishi va ularning muddati Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Kurslar qanday oʻtadi?

 

Mashgʻulotlar onlayn yoki anʼanaviy shaklda, ishdan ajralgan yoki ajralmagan holda tashkil etiladi. Malaka oshirish kursi 144 soat, qayta tayyorlash kursi esa kamida 576 soat davom etadi. Haftalik auditoriya yuklamasi 36 soatdan oshmaydi.

 

Kurs yakunida xodimlar imtihon topshiradi va muvaffaqiyatli oʻtganlarga QR kodli elektron sertifikat yoki diplom beriladi. Imtihondan oʻta olmagan xodim uch oy ichida uni yana bir marta topshirishi mumkin. Ikkinchi urinish ham muvaffaqiyatsiz boʻlsa, unga faqat kursda qatnashgani haqida maʼlumotnoma beriladi. Bunday holda tashkilot olti oy ichida shu xodimni qayta oʻqitishi yoki oʻrniga boshqa mutaxassisni yuborishi kerak.

 

Oʻqitish xarajatlari xodimni yuborgan tashkilotning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

 

Manba: Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-oktabrdagi 594-son qarori.