Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 839.59 +6.22 EUR 13 569.35 −8.26 RUB 140.42 +0.63

“AQSH Grenlandiyani ruslar va xitoylar egallab olmasidan oldin qo‘lga kiritishi lozim” — Tramp

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya va Xitoyning ta’siriga yo‘l qo‘ymaslik uchun Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyaga egalik qilishi shartligini ma’lum qildi. Bu haqda u 9-yanvar kuni Oq uyda jurnalistlar savoliga javob berar ekan aytib o‘tdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

 

“Mamlakatlar mulkka egalik qilishi kerak va siz ijarani emas, o‘z mulkingizni himoya qilasiz. Biz Grenlandiyani himoya qilishimizga to‘g‘ri keladi”, dedi prezident.

 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington bunga yo oson yo‘l bilan yo qiyin yo‘l bilan erishadi. Oq uy ma’muriyati NATO bo‘yicha ittifoqchisi bo‘lgan Daniyaga tegishli ushbu yarim avtonom hududni sotib olish masalasini ko‘rib chiqmoqda, biroq uni kuch ishlatib anneksiya qilish variantini ham istisno etmayapti.

 

 

Daniya va Grenlandiyaning keskin munosabati

 

Daniya va Grenlandiya tomoni hudud sotilmasligini qat’iy bildirdi. Daniya hukumati har qanday harbiy harakat NATOning yakunlanishini anglatishidan ogohlantirdi. Juma, 9-yanvar oqshomida Grenlandiya partiya rahbarlari, jumladan, muxolifat ham qo‘shma bayonot berib, AQSHdan mamlakatga nisbatan hurmatsizlikni to‘xtatishni talab qildi.

 

 

“Biz amerikalik bo‘lishni xohlamaymiz, daniyalik bo‘lishni ham xohlamaymiz, biz grenlandiyalik bo‘lishni istaymiz. Grenlandiya kelajagini grenlandiyaliklarning o‘zi hal qilishi kerak”, deyiladi bayonotda.

 
 

Strategik ahamiyat 
Grenlandiya dunyodagi eng kam aholi yashaydigan hudud bo‘lsa-da, uning Shimoliy Amerika va Arktika oralig‘idagi joylashuvi raketa hujumlaridan erta ogohlantirish va hududdagi kemalarni kuzatish uchun o‘ta muhimdir.

 

Tramp hech qanday dalil keltirmasdan, orol atrofida Rossiya va Xitoy kemalari hamma joyni egallab olganini da’vo qilib, hudud AQSH milliy xavfsizligi uchun hayotiy ahamiyatga ega ekanini aytdi. Hozirda Vashingtonning orol shimoli-g‘arbidagi Pituffik bazasida Ikkinchi jahon urushidan beri faoliyat yurituvchi 100 dan ortiq harbiy xizmatchisi doimiy joylashgan.

 

Mavjud kelishuvlarga ko‘ra, AQSH Grenlandiyaga cheklanmagan miqdorda qo‘shin kiritish huquqiga ega. Biroq Tramp 9 yillik yoki 100 yillik ijara shartnomalari ish bermasligini, faqat to‘liq egalik kerakligini aytmoqda.

 

 

“Xitoy va Rossiya xalqini yaxshi ko‘raman, lekin ularning Grenlandiyada menga qo‘shni bo‘lishini xohlamayman, bunga yo‘l qo‘yilmaydi. Buni NATO ham tushunib olishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.

 

 

Xalqaro hamjamiyat munosabati

 

 

Daniyaning NATOdagi ittifoqchilari, jumladan, Yevropaning yirik davlatlari va Kanada Daniyani qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular faqat Daniya va Grenlandiyaning o‘zi bu masalada qaror qabul qilishi mumkinligini aytmoqda. Ittifoqchilar Arktika xavfsizligini AQSH bilan birgalikda ta’minlashga tayyorligini, biroq bu BMT nizomi, suverenitet va chegaralar daxlsizligi tamoyillari asosida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

 

Grenlandiya taqdiri bo‘yicha xavotirlar Tramp 3-yanvar kuni Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish uchun harbiy kuch ishlatganidan keyin yanada kuchaydi. Ma’lumot o‘rnida, Tramp 2019-yilda, o‘zining birinchi prezidentlik davrida ham orolni sotib olishni taklif qilgan va rad javobini olgan edi.