Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 839.59 +6.22 EUR 13 569.35 −8.26 RUB 140.42 +0.63

Ilhom Aliyev Putin tashkillashtirgan sammitga bormadi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Sankt Peterburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan MDH davlat rahbarlarining norasmiy sammitida qatnashmadi. Bu haqda prezident administratsiyasiga tayanib AzerTAJ xabar berdi.

 

Administratsiyaga ko‘ra, Ilhom Aliyev 21-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida ham qatnashmagan. Chunki Ozarbayjon Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi hisoblanmaydi. Shuningdek, Aliyev “ish jadvali juda tig‘iz bo‘lgani” sababli MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etmaydi.

 

Ozarbayjon MDHga a’zo davlat sifatida rasmiy sammitlarda muntazam qatnashib kelardi. Kreml Aliyevning sammitda ishtirok etmasligini “tushunish bilan” qabul qildi.

 

“Biz mutlaqo tushunamiz, haqiqatan ham, davlat rahbarlarining jadvali juda tig‘iz, ayniqsa, dekabr oyida, Yangi yil arafasida”, dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

 

​Moskva va Boku munosabatlari 2024-yil dekabr oyida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining samolyoti Oqtovda halokatga uchrab, 38 kishi halok bo‘lganidan keyin keskinlashdi. 2025-yilning yozida Yekaterinburgda bir nechta Ozarbayjon fuqarosi qo‘lga olindi, ulardan ikki nafari vafot etdi.

 

Bunga javoban Ozarbayjonda Rossiya fuqarolari, jumladan, “Sputnik Ozarbayjon” xodimlari hibsga olindi. Putin 2024-yil dekabr oyida samolyot bilan sodir bo‘lgan voqea uchun Aliyevdan uzr so‘ragan va layner “Ukraina dronlari hujumi sababli qo‘nganini” da’vo qilgan. Ozarbayjon prezidenti esa halokat uchun javobgarlikni “Rossiya vakillari”ga yukladi va aybdorlarni jazolashni talab qildi.