Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 839.59 +6.22 EUR 13 569.35 −8.26 RUB 140.42 +0.63

Gulistondagi kafeda gaz portlashi oqibatida 3 kishi vafot etdi: Mas’ullar qamoqqa olindi

Gulistondagi kafeda gaz portlashi oqibatida 3 kishi vafot etdi Masullar qamoqqa olindi

2-dekabr kuni Guliston shahridagi “Bek Family Cafe”da sodir bo‘lgan portlash oqibatida 3 nafar fuqaro halok bo‘ldi, 29 kishi jarohatlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, kafe rahbarlari ushlandi.

Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Voqea qanday sodir bo‘lgan?

Fojia 2-dekabr kuni soat 10:50 ларda Guliston shahrining «Taraqqiyot» mahallasida joylashgan ovqatlanish shoxobchasida yuz bergan.

Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, kafening oshxonasidagi o‘choqqa 50 litrlik suyultirilgan propan gaz balloni qoidaga zid ravishda ulangan bo‘lgan. Ballondan sizib chiqqan gaz va havo aralashmasining chaqnashi kuchli portlashni keltirib chiqargan.

Jabrlanganlar ahvoli

Portlash oqibatida jami 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Afsuski, shifokorlarning urinishlariga qaramay, 3 nafar fuqaro olgan jarohatlari sababli vafot etgan.

Hozirda bemorlarga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filialida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Jabrlanganlarning 5 nafariga ahvoli qoniqarli bo‘lgani uchun uyiga ruxsat berilgan.

Mas’ullar va jazo

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi (192-11, 257 va 259-moddalar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish va ehtiyotsizlik oqibatida odamlar o‘limiga sabab bo‘lishda gumonlanib, “Bek Family Cafe” MCHJning 3 nafar mansabdor shaxsi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Ayni paytda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov boshchiligidagi maxsus tergov guruhi voqea joyida ishlamoqda. Tergov yakuni bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi.