O‘zbekiston hududi bo‘ylab sovuq antitsiklon ta’siri 5-dekabrga qadar saqlanishi prognoz qilinmoqda. Gidrometeorologiya xizmati agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 29-noyabrdan boshlab uning ta’siri kuchayib, atmosfera bosimining ko‘tarilishi va havo haroratining pasayishi kuzatiladi.
Kechalari sovuq, kunduzi esa nisbatan iliq havo bo‘lishi, shuningdek, antitsiklonlarga xos ertalabki tumanlar shakllanishi ehtimoli mavjud.
Yuqori bosimli maydon yaqin 10 kun davomida saqlanib turishi taxmin qilinmoqda.

O‘zgidrometning avvalgi ma’lumotiga ko‘ra, inversiya 29-noyabrgacha davom etishi bildirilgan edi. Ammo yangilangan sinoptik tahlillar sovuq antitsiklonning cho‘zilishi fonida inversiya jarayonlari ham kutilganidan uzoqroq davom etishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Uzoq muddatli inversiya havo qatlamlari almashinuvi sekinlashishiga olib keladi. Bu holat natijasida chang, tutun va mayda zarrachalar (PM) konsentratsiyasining oshishi, shuningdek, zich tuman kuzatilishi ehtimoli mavjud.

Infografikalarda 28-noyabrdan keyin keltirilgan ko‘rsatkichlar prognoz xarakteriga ega bo‘lib, real vaziyat sinoptik sharoitga qarab o‘zgarishi mumkin.
