Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 899.09 +1.19 EUR 13 298.42 −37.94 RUB 141.53 +1.35

Janubiy Koreyada Oʻzbekiston fuqarosi soxta xayriya orqali 663 ming dollar undirdi

shutterstock 722439097 scaled

Janubiy Koreya politsiyasi terrorchilik faoliyatini moliyalashtirishda gumonlangan 29 yoshli o‘zbekistonlik erkakni hibsga oldi. U xayriya tashkiloti niqobi ostida soxta faoliyat yuritib, 952 million von (663 ming dollardan ortiq) undirgan. Bu haqda The Chosun Daily xabar berdi.

O‘zbekistonlik erkak (keyingi oʻrinlarda “A”) 27-oktyabr kuni “Terrorizmga qarshi qonun” va “Terrorchilik mablag‘larini taqiqlash” to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda gumonlanib, hibsga olingan. Hibs jarayoni Milliy razvedka xizmati va AQSH Federal qidiruv byurosi (FBI) bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

 

“A” ekstremistik tashkilotni targ‘ib qilish uchun sakkizta ijtimoiy tarmoqda (shu jumladan, Instagramda) akkaunt yuritgan. Shuningdek, Afrikada quduq qazish loyihalariga e’tibor qaratuvchi Y xayriya tashkilotini qo‘llab-quvvatlash bahonasida taxminan 620 000 birlik USDT virtual aktivini yig‘gan. Hibsga olish paytida bu mablag‘ning umumiy qiymati taxminan 952 million koreys vonini tashkil etgan.

 

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, “A” to‘plangan mablag‘larning bir qismini BMT tomonidan terrorchi deb tan olingan KTJ (Katiba at-tavhid val-jihod) va HAMASga o‘tkazgan. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bu miqdor 27 million von atrofida.

 

“HAMASga oʻtkazilgan mablag‘lar miqdorining aniqlanishi kamdan-kam uchraydigan holat. Ko‘proq mablag‘ berilgan bo‘lishi mumkin”, deb ta’kidladi politsiya vakili.

 

Aniqlanishicha, “A” Instagramda “Alloh yo‘lida jihod, muqaddas urushni birgalikda olib boraylik” kabi ko‘plab ekstremistik chaqiriqlarni joylashtirgan. Bundan tashqari, u xayriya mablag‘larini jalb qilish uchun ichki va xalqaro bank hisoblari hamda kredit karta to‘lovlari havolalarini ulashgan.

 

Shuningdek, o‘z millati vakillaridan bevosita mablag‘ yig‘ish maqsadida Gyeonggi mintaqasida futbol klubini tashkil etgan. Futbol klubi orqali yig‘ilgan mablag‘lar hozircha aniqlanmagan.

 

“A” Janubiy Koreyaga 2018-yilda talaba vizasi (D-2) bilan kirgan, keyinchalik oʻqishni tashlab ketgan va 2023-yil martidan beri qochqin maqomini so‘rab murojaat qilgan. U hibsga olingunga qadar qochqin maqomini olish uchun 11 marta murojaat qilgan, ammo rad etilgan.

 

“Qochqin maqomini so‘rab berilgan arizalarni ko‘rib chiqish odatda uch oy davom etadi. Taxminlarga ko‘ra, “A” Koreya hududiga ariza berish davrida viza muddatini uzaytirish imkoniyatidan foydalanib kirgan”, deydi politsiya vakili.

 

“A” ilgari O‘zbekistonda ham terrorchilik mablag‘larini moliyalashtirishda ayblanib, mahalliy qidiruvda bo‘lgan. O‘zbekiston elchixonasi uning pasportini bekor qilib, Koreya politsiyasidan uni hibsga olishni so‘ragan.

 

Politsiya “A”ning joylashgan manzilini kuzatuv kamerasi va moliyaviy tranzaksiyalar orqali aniqlab, 16-oktyabr kuni Anseongdagi yotoqxonada hibsga olgan. Hibs vaqtida sakkizta mobil telefon va bir noutbuk musodara qilingan, ulardan oltitasi ustida sud-tibbiy ekspertiza olib borilmoqda.

 

Politsiya oʻzbekistonlik erkak Koreyada yashagan davrida qo‘shimcha kriptoaktivlar yoki naqd mablag‘ to‘plaganmi va uning hamkorlari boʻlgan yoki yoʻqligini oʻrganmoqda.

 

Daryo.uz