AQSH prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqdagi ittifoqchi davlatlar G‘azo sektoriga qo‘shin yuborishga tayyor ekanini aytdi. U bu haqda Truth Social tarmog‘ida post qoldirdi.
“Yaqinda bir qancha ittifoqchilarimiz menga aniq va ochiq aytdi — agar so‘rasam, ular G‘azoga katta kuch bilan kirib, HAMASni jilovlashga tayyor. Ammo men hali emas dedim”, deb yozgan Tramp.
Tramp hozircha hech bir davlatga, jumladan, Isroilga ham sektorga qo‘shin kiritishga ruxsat bermaganini qo‘shimcha qilgan.
“Hali ham umid bor — ehtimol HAMAS to‘g‘ri yo‘lni tanlar. Aks holda, HAMASning taqdiri vahshiylik bilan yakunlanadi”, degan u.
AQSH prezidenti, shuningdek, G‘azoga yordam berishga tayyor davlatlarga minnatdorlik bildirgan, ammo ularning kimligini ochiqlamagan.
Misrda 13-oktyabr kuni xalqaro sammit o‘tkazilib, unda AQSH boshchiligida G‘azo tinchlik bitimi imzolangan edi. Unga ko‘ra, HAMAS quronsizlantirilib, ham isroillik ham falastinlik asirlar vataniga qaytishi lozim edi. Biroq, hozirda ushbu sulh taqdiri savol ostida qolmoqda — AQSH va Isroil HAMASni kelishuvni buzganlikda ayblamoqda. HAMAS esa, ayni paytda bu ayblovlarni rad etmoqda.
