Elektron pochta: jarayonuz@gmail.com

Kurs UZS USD 12 067.76 −70.91 EUR 14 141.00 −35.75 RUB 145.64 +0.28

Suriyada sobiq prezident Bashar Asadni hibsga olishga order berildi

Damashq sudi oʻtgan yilning dekabrida hokimiyatdan agʻdarilgan Suriya prezidenti Bashar Asadni hibsga olishga order berdi. Ayblovlar 2011-yilda Darʼa viloyatida hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini bostirish bilan bogʻliq. Aynan shu namoyishlar boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya ishtirokidagi keng koʻlamli urushga aylangan qonli mojaroni boshlab bergandi. Asadning oʻzi oʻtgan yil dekabrida isyonchilar hokimiyatga kelganidan keyin qochib ketgan, u va oilasiga Rossiya tomonidan boshpana berilgan.

 

Suriyaning Sana axborot agentligi maʼlum qilishicha, Darʼada shafqatsizlik bilan bostirilgan norozilik namoyishlari vaqtida halok boʻlganlarning qarindoshlari sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan. Asad qasddan odam oʻldirish, qiynoqlar, noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishda ayblanmoqda.

 

Suriya Oliy sudi taʼkidlashicha, Suriya sudi tomonidan berilgan hibsga olish orderi Bashar Asadni Interpol orqali xalqaro qidiruvga berish imkonini beradi.

 

Darʼada norozilik namoyishlari 2011-yil mart oyida boshlangan. Aprel oyi oxirida norozilik namoyishlarini bostirish uchun shaharga armiya boʻlinmalari va zirhli texnikalar kiritilgan.

 

Oʻshanda mamlakat xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata oʻt ochgan. Aktivistlar Darʼadagi norozilik namoyishlarining dastlabki bir yarim oyida yuzlab namoyishchilar halok boʻlganini maʼlum qilishgan.

 

Iyul oyida Fransiyaning Kassatsiya sudi Suriya sobiq prezidentini hibsga olish orderini bekor qilgandi. Sud qaroriga koʻra, Bashar Asad Suriya prezidenti sifatida harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun ham jinoiy javobgarlikka tortilishdan himoyalovchi immunitetga ega boʻlgan.

 

Fransiyadagi order Asad hali Suriyada hokimiyat tepasida ekanida – 2023-yil noyabrida – 2013-yilda kimyoviy qurol qoʻllash boʻyicha jinoiy ish doirasida berilgandi.

 

Oʻshanda prokuratura Asadning davlat rahbari sifatida daxlsizligidan kelib chiqib, ushbu hibsga olish orderining qonuniyligiga eʼtiroz bildirgandi.

 

2025-yil yanvar oyida, rejim qulab, Asad Suriyadan qochib ketganidan soʻng, Fransiyada Suriya sobiq prezidentini insoniyatga qarshi jinoyatlar ayblovi bilan hibsga olish uchun yana bir order berildi. Bu ayblovlar 2017-yilda Suriya va Fransiya fuqaroligiga ega shaxs halok boʻlgan Duma shahri bombardimon qilingani bilan bogʻliq.

 

Suriyani qariyb chorak asr boshqargan Bashar Asad oʻtgan yilning dekabrida hokimiyatdan agʻdarilib, Rossiyaga qochib ketgandi. Uning oilasi va oʻzi Suriyada tuzum qulaganidan soʻng Moskvadan boshpana topgan.

 

2011-yilda boshlangan Suriyadagi fuqarolar urushi davomida hukumat yuz minglab odamlarni qiynoqlar odatiy hol boʻlgan lagerlarda ushlab turgan.

 

“Sednaya” qamoqxonasidagi mahbuslar va bedarak yoʻqolganlar uyushmasi (ADMSP) maʼlumotlariga koʻra, 2011-yildan 2018-yilgacha ushbu qamoqxonada qiynoqlar, tibbiy yordam yoʻqligi yoki ochlik oqibatida 30 mingdan ortiq mahbus qatl etilgan yoki vafot etgan.

 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy suriyalik avtokratni hibsga olish uchun order berilishiga izoh berdi.

 

“Biz uni javobgarlikka tortish boʻyicha barcha saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Oʻtgan yilning dekabr oyidan beri u Moskvada Ukrainadan borgan va boshqa jinoiy guruhlar bilan birga yashirinib yuribdi”, – deb yozdi Zelenskiy telegramda.

 

“Jazosizlik poytaxtida dunyoning barcha eng mashhur qotillari va jinoyatchilari adolatdan qochib yurgani diqqatga sazovordir. Rossiya oʻzining va boshqalarning jinoyatlarini yashirmoqda”, – dedi Ukraina prezidenti.