Elon Musk boshchiligidagi sun’iy intellekt startapi xAI Apple va OpenAI’ga qarshi AQSh federal sudida, Texas shtatida da’vo arizasini yo‘lladi. Bu haqida Reuters nashri xabar bermoqda.
Mask Apple va OpenAI’ni sun’iy intellekt bozorida raqobatni to‘sib qo‘yish va monopoliyaga yo‘l ochishda ayblamoqda. Ular monopoliya orqali xAI kabi raqobatchilarning o‘sishini to‘xtatmoqda, deyiladi arizada.
Apple OpenAI bilan hamkorlik qilib, iPhone, iPad va Mac operatsion tizimlariga ChatGPT’ni integratsiya qilgan. Musk iddaosicha, aynan shu eksklyuziv sheriklik OpenAI’ga milliardlab iPhone foydalanuvchisi tomonidan yaratilgan promtlar (so‘rovlar) orqali noyob ustunlik bermoqda. Natijada, Grok kabi raqobatchilar esa foydalanuvchilar orasida yetarlicha ko‘rinmayapti.
Musk “Agar Apple OpenAI bilan eksklyuziv kelishuvga ega bo‘lmaganda, X ilovasi va Grok ilovasi App Store’da ko‘proq e’tiborga sazovor bo‘lardi” – deb arizada qayd etgan. Shuningdek o’z sahifasida: “Grok uchun millionlab 4.9–baholi sharh bor, lekin Apple buni ro‘yxatlarda e’tiborga olmayapti” — deb yozgan.
OpenAI bu da’volarni Musk’ning “doimiy ta’qib yo‘li” sifatida baholagan. Apple esa hozircha izoh bergani yo’q.