Rossiyalik ovchi Konstantin Samsonov Surxondaryo viloyati hududida noyob morxoʻrni (togʻ echkisini) ovlash uchun 100 ming dollar toʻlagan. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Avvalroq Konstantin Samsonov va uning jamoasi Oʻzbekistonda uyushtirilgan ov videosini eʼlon qilgan va bu ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaraga sabab boʻlgan edi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu video 1-yil oldin suratga olingan va ovchi Qizil kitobga kiritilgan 2 bosh morxoʻr hamda 1 bosh boʻrini ovlagan.
Ekologiya vazirligi 2024-yilda Surxondaryo viloyatidagi ov qonunchilikda belgilangan tartibda, tegishli toʻlov evaziga ruxsatnoma asosida amalga oshirilganini maʼlum qildi.
Qayd qilinishicha, “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonuniga koʻra, Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi hayvonlar soni Fanlar akademiyasi mutaxassislari tomonidan doimiy hisoblab boriladi va ularning xulosasiga asosan populyatsiyaga taʼsir qilmaydigan miqdorda ovlash uchun ruxsat beriladi. Buning uchun belgilangan tartibda toʻlov undiriladi.
Taʼkidlanishicha, 2024-yilda morxoʻrlarni ovlash uchun rossiyalik ovchiga oʻrnatilgan tartibda ruxsat berilgan va 100 ming AQSH dollari miqdorida toʻlov undirilgan. Bu mablagʻlar tabiatni muhofaza qilish, xususan, brakonerlikka qarshi samarali kurash olib borishga yoʻnaltirilgan.
Ekologiya vazirligining tushuntirishicha, “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, har yili yovvoyi hayvonlarni tutish uchun kvota belgilanadi. Bunda yovvoyi hayvonlarning yoshi kattasi, nasl qoldirish davridan oʻtgan erkagini ovlashga ruxsat beriladi va jarayon qatʼiy nazorat ostida amalga oshiriladi.
Vazirlik bergan maʼlumotga koʻra, xorijiy davlatlarda ham aynan shunday tartib joriy qilingan. Xususan, Namibiyada oʻlja ovi yiliga 3 mln dollardan koʻp foyda keltiradi. Bundan tashqari, ochiq maʼlumotlarga koʻra, har yili Tojikistonda 10–16 bosh morxoʻr, 100–115 bosh arxar, Moʻgʻulistonda esa 90–100 bosh arxar, 50–60 boshgacha xongul ovlashga ruxsatnoma berilmoqda.