Elektron pochta: jarayonuz@gmail.com

Kurs UZS USD 12 067.76 −70.91 EUR 14 141.00 −35.75 RUB 145.64 +0.28

«Meta»dan aqlli bilaguzuk: qo‘l harakatisiz kompyuterda ishlash mumkin bo‘ladi

Meta kompaniyasi kompyuterni sichqoncha yoki klaviaturasiz boshqarishga yordam beradigan aqlli bilaguzuk ustida ishlamoqda. Ushbu bilaguzuk yordamida foydalanuvchi faqat qo‘l harakati bilan kursorni harakatlantirishi, ilovalarni ochishi yoki havoda «yozib», xabar yuborishi mumkin bo‘ladi.

Bilaguzuk mushaklar harakatini sezadigan maxsus texnologiya — yuzaki elektromiografiya (sEMG) asosida ishlaydi. Bu texnologiya qo‘ldagi eng kichik elektr signallarni sezib, odam nima qilmoqchi ekanini oldindan anglaydi.
Meta bu qurilmani ayniqsa nogironligi bor, harakat qilishda qiynalayotgan odamlar uchun yaratmoqda. Hatto qo‘llari harakat qilmaydigan odamlar ham ushbu bilaguzuk orqali kompyuterdan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Ushbu loyihani sinovdan o‘tkazishda Meta Karnegi Mellon universiteti bilan hamkorlik qilmoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, to‘liq falaj bo‘lgan bemorlarda ham ozgina mushak harakati bo‘ladi — bilaguzuk aynan shu signallar orqali foydalanuvchining niyatini anglaydi.

Neuralink kabi miyaga o‘rnatiladigan qurilmalardan farqli o‘laroq, Meta’ning bu bilaguzugi jarrohliksiz ishlaydi va undan bemalol foydalanish mumkin bo‘ladi. Qachon ommaga taqdim etilishi esa hali aniq emas.