The New Indian Express nashrining xabariga ko‘ra, Hindistonga savdo maqsadida kiyim-kechak xaridi uchun kelgan 60 yoshli o‘zbek ayoli Mayramxon K. “Indira Gandi” xalqaro aeroportida boshqa yo‘lovchining uchta qimmatbaho qo‘l sumkasini o‘g‘irlagani uchun hibsga olindi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Mayramxon K. 15-iyun kuni Kuala-Lumpurdan Dehliga yetib kelgan.
Jabrlanuvchi ayol “terminal 3” da bagajini olayotganda Kuala-Lumpurdan sotib olingan uchta qo‘l sumkasi yo‘qligini payqagan.
Aeroport xavfsizlik xodimlari kuzatuv kameralarini tekshirib chiqqach, noma’lum ayol sumkalarni olib, tezlik bilan taksida aeroportni tark etgani aniqlangan. Surishtiruvchilar taksi raqami orqali ayol Paharganj hududiga borganini aniqlashgan.
M.K. keyinchalik immigratsiya xodimlari tomonidan aeroportda qo‘lga olingan. U so‘roq paytida sumkalarni qimmatbaho deb o‘ylab olib chiqqanini aytgan. Politsiya barcha o‘g‘irlangan sumkalarni Paharganjdagi mehmonxona xonasidan — uning qarindoshiga tegishli joydan topgan.
Politsiya xabariga koʻra, tergov davom etmoqda.