AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatida muhim rol o‘ynagan, ammo ommaga kam tanilgan siyosiy maslahatchi Sergio Gor aslida Toshkentda tug‘ilgani aniqlandi. Bu haqda Times of Malta va OCCRP nashrlari xabar berdi.
Hujjatlarga ko‘ra, Gor 1986-yil 30-noyabrda Toshkentda tug’ilgan. Ismi Sergey Goroxovsky bo’lgan. U Maltada o‘sgan, ammo keyinchalik oilasi bilan AQShga ko‘chib ketgan.
Gorning tug‘ilgan joyi yillar davomida sir bo‘lib qolgan edi. Ba’zi nashrlar uni Maltadan chiqqan muhojir sifatida ta’riflagan, biroq bu ma’lumotlar hujjatlar bilan tasdiqlanmagan.
Gor AQShda siyosiy faoliyatini senator Rand Paul bilan boshlagan. U keyinchalik Trampning “G‘alaba moliya qo‘mitasi”da ishlagan va Donald Tramp Jr. bilan birga Winning Team Publishing nashriyotiga asos solgan.
OCCRP’ga ko‘ra, Gor 2017 va 2018-yillarda Rossiyaga safar qilgan. Uning advokati bu safarlarni oddiy tranzit parvozi sifatida izohlab, hech qanday uchrashuv bo‘lmaganini ta’kidlagan.