“Anorbank” bankining 95,1% ulushiga ega bo‘lgan Qahramon Olimov Fransiyaning poytaxti Parijda o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda Le Monde xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 23-iyun kuni sodir bo‘lgan. Tadbirkor majburan shahardan olib chiqilib, Nitsa yaqinidagi hashamatli villaning zindonida ikki kun davomida qo‘lga olingan. O‘g‘irlovchilar tovon puli talab qilgan va bir qism to‘langanidan so‘ng, Olimov ozod etilgan.Ozodlikka chiqishi bilan Olimov kasalxonaga yotqizildi, unda jarohatlar va stress belgilari aniqlangan.
Hozircha, rasmiy organlar tomonidan voqea yuzasidan hech qanday izoh berilmagan.
Voqeani o‘rganish uchun Parij politsiyasi hamda boshqa xavfsizlik organlari ish olib bormoqda.
Bank holat yuzasidan rasmiy bayonot berib, ushbu hodisa bank operatsion faoliyatiga aloqador emasligini ta’kidladi.
«Anorbank» o‘z ishini odatdagi tartibda davom ettirmoqda — barcha bo‘limlar, xizmatlar va raqamli kanallar barqaror ishlamoqda, — deyiladi rasmiy munosabatda.