O‘zbekiston Markaziy banki banklar va moliyaviy tashkilotlarga murojaat qilib, aholiga davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pullarini ularning roziligisiz (ya’ni avtomatik yoki “akseptsiz” usulda) kredit qarzlarini to‘lash uchun ushlab qolish amaliyotini “adolat tamoyillariga zid” va “insofsiz” deb atadi.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, so‘nggi vaqtlarda bank kartalariga tushgan ijtimoiy to‘lovlardan kredit qarzlarini avtomatik ravishda ushlab qolish holatlari ko‘paygan. Bu haqda Markaziy bankka aholining o‘zi ko‘plab shikoyatlar yuborgan.
Markaziy bankga ko‘ra, bunday pullar – ya’ni bolalar nafaqasi, nogironlar va vaqtinchalik mehnatga layoqatsiz fuqarolarga ajratilgan yordamlar – aholining zaif qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratiladi va ularni kredit qarziga avtomatik yo‘naltirish noqonuniy hisoblanadi.
Markaziy bank kredit tashkilotlariga quyidagi topshiriqlarni bergan:
Avtomatik qarz undirish tizimlarini ko‘rib chiqib, ijtimoiy to‘lovlardan qarz yopishga avtomatik yo‘naltirish imkoniyatini to‘xtatish.
Fuqarolardan shikoyat tushgan taqdirda, mablag‘ni zudlik bilan qaytarish choralarini ko‘rish.
Rasmiy xatda shuningdek, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 57-moddasi va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga asoslanib, bunday amaliyot aholining qonuniy huquqlarini buzishi ta’kidlangan.