“Oʻzgidromet” maʼlumotlariga koʻra, ushbu hafta boshidan Oʻzbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishi kuchayadi.
Jumladan, 16-17-iyunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida, 17-19-iyunda Oʻzbekistonning qolgan hududlarida havo harorati kunduz kunlari 40-42 darajagacha, janubda va choʻl hududlarda, baʼzi joylarda 43-44 darajagacha koʻtariladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi bunday ob-havo sharoitida salomatlikni saqlash boʻyicha bir necha tavsiyalarni eʼlon qildi.
Unga koʻra, jazirama kunlarda, eng avvalo, bolalar, keksalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar oʻz sogʻligiga yanada eʼtiborli boʻlishlari zarur.
Soat 10:00 dan 17:00 ga qadar soya-salqin joylarda boʻlish tavsiya etiladi.
Tashqariga chiqish lozim boʻlsa, tabiiy, yorqin rangdagi, paxta matosidan boʻlgan liboslar va yengil bosh kiyim kiyish hamda quyoshdan himoyalovchi koʻzoynak taqish maqsadga muvofiq.
Issiq havoda kuniga 3 litrdan kam boʻlmagan miqdorda suyuqlik ichish lozim. Biroq past haroratdagi salqin ichimliklarni ichishdan tiyilish kerak.
Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva isteʼmol qilmaslik zarur. Yogʻli, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha, koʻproq meva-sabzavotlar isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastroʻmol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.
Quyosh urishi — eng xavfli holat boʻlib, jabrlanuvchida koʻngil aynishi, bosh aylanishi, qusish, burundan qon ketishi, quloqlarda shovqin, koʻrish qobiliyatining buzilishi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi. Hatto, ayrim paytlarda tutqanoq tutish, alahsirash, gallyutsinatsiya kuzatilishi va bemor hushini yoʻqotishi mumkin.
Bunday paytda uni, eng avvalo, salqin joyga koʻchirib oʻtkazish lozim. Soʻng gorizontal holda yotqizib, oyoqlarini sal koʻtarish, kiyimlarini yechish, yuzini sovuq suvda yuvish va biror xoʻllangan matoni yurak sohasiga qoʻyish kerak. Shuningdek, unga qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim.
Shuningdek, issiqda ogʻir jismoniy mehnat bilan shugʻullanish suvsizlanish va silla qurish xavfini sezilarli darajada oshiradi. Bunday sharoitda yurak-qon tomir tizimiga tushadigan yuk ortib, yurak xuruji yoki insult yuzaga kelishi mumkin.
Shu sababli surunkali kasalliklari (gipertoniya, yurak kasalliklari, semizlik) bor insonlar issiq vaqtda jismoniy faollikdan cheklanish, agar zarur boʻlsa, shifokor bilan maslahatlashishi lozim.