Fransiya hukumati 14 yoshli o‘quvchi tomonidan kollej xodimasining o‘ldirilishi ortidan yoshlar orasida pichoqbozlikni jilovlash maqsadida yangi choralarni joriy qildi. Endilikda mamlakatda voyaga yetmaganlarga har qanday turdagi pichoqlarni sotish taqiqlanadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yangi qonun Fransiya bosh vaziri Fransua Bayru kantselyariyasi tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, bu orqali ichki xavfsizlik kodeksining “D toifasidagi sovuq qurollar” ro‘yxati kengaytiriladi. Ilgari ushbu ro‘yxatga faqat xanjarlar va xanjarsimon pichoqlar kirgan bo‘lsa, endi unga “qurol sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan har qanday pichoq” ham qo‘shiladi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bu borada qat’iy bayonot berib, sovuq qurol savdosidagi tartiblarni kuchaytirishga chaqirdi:
“Ko‘chada yoki maktabda o‘smirning sovuq qurol bilan yurishi mumkin emas. Bu holatning oldini olish – ota-onalar va savdogarlarning mas’uliyati”, — dedi prezident.
Yangi tartibga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan har qanday shaxsga pichoq sotgan sotuvchilar ma’muriy yoki jinoyaviy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu chora yoshlar o‘rtasida zo‘ravonlikni kamaytirish va jamoat xavfsizligini oshirishga qaratilgan.
Fransiya matbuoti voqeaga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni ham yoritdi. Nogent kommunasida sodir bo‘lgan maktab ichidagi hujum butun mamlakat bo‘ylab xavotir uyg‘otdi. Rasmiylar bunday fojialarning takrorlanmasligi uchun maktablar va savdo nuqtalarida nazoratni kuchaytirishga chaqirmoqda.