2025-yilning may oyida O‘zbekistonga 1,1 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich aprel oyida kuzatilgan rekordni yangiladi. O‘shanda sayyohlar soni birinchi marta milliondan oshgan edi.
“O‘zbekiston Prezidentining turizmni rivojlantirishga qaratilgan Farmon va qarorlaridagi sohaga investitsiyalarni jalb etish, vizasiz rejimni kengaytirish hamda xalqaro ko‘rgazma va forumlarda ishtirok etish kabi yo‘nalishlar muhim rol o‘ynamoqda. Bularning barchasi O‘zbekistonni xorijiy sayyohlar uchun tobora jozibador mamlakatga aylantirmoqda”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, qo‘mita tomonidan turizm infratuzilmasini yanada takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish va diversifikatsiya qilish, jahon sayyohlik bozorida O‘zbekistonning raqobatbardosh yo‘nalish sifatidagi obro‘sini mustahkamlash ishlari davom ettirilishi rejalashtirilgani qayd etildi.