7-iyun kuni soat 17:04 da kuchli yomg‘ir yog‘ishi sababli A-373 “Toshkent–O‘sh” avtomobil yo‘lining 137,7-kilometrida, “Vodiy–Toshkent” yo‘nalishida, tog‘ yonbag‘ridan sel va toshqin suvlari yo‘lga oqib tushgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Hodisadan keyin tezkor ravishda “Qamchiq” maxsus qidiruv yong‘in-qutqaruv boshqarmasi va boshqa mutasaddi xizmatlar voqea joyiga yetib borib, holatni bartaraf etish ishlariga kirishgan.
Yuzaga kelgan muammolar tufayli vaqtincha tirbandlik yuzaga kelgan bo‘lsa-da, avtomobillar harakati yo‘lning bir tasmasida davom ettirilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining qayd etishicha, shu kuni yo‘lda harakat to‘liq tiklangan. “Qamchiq” dovonida avtomobillarning ikki yo‘nalishda harakati odatdagidek davom etmoqda.