Rossiyada IELTS topshirish endilikda jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin. Mamlakat Bosh prokuraturasi bu xalqaro testni tashkil etuvchi British Councilni “nomaqbul xorijiy tashkilot” deb e’lon qildi.
Prokuratura bayonotida aytilishicha, British Council “ta’lim va madaniy faoliyat” niqobi ostida Britaniya qadriyatlarini ilgari surmoqda, jumladan LGBT targ‘iboti bilan shug‘ullanayotganlikda ayblanmoqda.
Bu tashkilot ilgari “Oxford Russia Fund” bilan birga “buzg‘unchilik faoliyati” yuritishda ayblangan. Federal Xavfsizlik xizmati (FXX) Rossiya fuqarolarini har qanday hamkorlikdan ogohlantirdi.
“IELTS imtihonini topshirish, hatto chet elda bo‘lsa ham, nomaqbul tashkilotni moliyalashtirish deb baholanishi mumkin,” — deydi xalqaro huquqshunos Artem Kliga. Bu harakat Rossiya Jinoyat kodeksining 284.1-moddasiga muvofiq besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Shuningdek, British Council’ga oid havolalarni joylashtirish yoki tarqatish ham “nomaqbul tashkilot faoliyatida ishtirok” deb ko‘riladi. Bu uchun Ma’muriy huquqbuzarlik kodeksining 20.33-moddasi asosida 15 ming rublgacha (190 dollar) jismoniy shaxslarga, 100 ming rublgacha (1262 dollar) yuridik shaxslarga jarima solinishi mumkin.
Yurist Anastasiya Burakova, “Kovcheg” loyihasi asoschisi, bu harakatlarni fuqarolik erkinliklariga tahdid sifatida baholadi va fuqarolarni xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.