Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi (RFKP) rahbariyati Xanti-Mansi avtonom okrugi dumasi deputati Xolid Tagi-Zadeni partiya a’zoligidan chiqarishga qaror qildi. Bu haqda RFKP Markaziy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Yuriy Afonin ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Tagi-Zade partiya axloqi va intizomini buzgani uchun allaqachon tashkilot safidan chetlatilgan. Shu bilan birga, u deputatlik mandati va fraksiya a’zoligini saqlab qolgan.
Bahslar Tagi-Zadening duma majlisida bildirgan fikridan so‘ng avj oldi. U o‘zbekistonlik muhojirlarning Sibirga qaytishini “tarixiy vataniga qaytish” deb atab, Ko‘chimxon boshchiligidagi Sibir xonligi tarixini eslatdi. Tagi-Zade aytishicha, Ko‘chimxon Shayboniylar sulolasidan bo‘lgan, bu esa o‘zbeklarning tarixiy ildizlarini ushbu hudud bilan bog‘laydi.
Deputatning bu fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Rossiya Davlat Dumasi deputati Mixail Matveyev bunga keskin munosabat bildirib, Tagi-Zade’ni “provokator” deb atadi va uni FSB nazoratiga olish kerakligini ta’kidladi.
Mahalliy OAVning yozishicha, Tagi-Zade Sibir xonligi haqidagi bayonotidan so‘ng okrugni tark etgan bo‘lishi mumkin. Ayrim manbalarga ko‘ra, u Ozarbayjonga, ya’ni o‘zining tarixiy vataniga jo‘nab ketgan.
29-may kuni o‘tkazilgan Duma majlisidan keyin u jurnalistlar bilan bog‘lanmagan va 2-iyundagi axloq komissiyasi yig‘ilishida ishtirok etmagan.