Tailand vakilasi, 21 yoshli Opal Suchata Chuangsri 2025-yilgi “Dunyo go‘zali” (Miss World) tanlovida g‘olib chiqib, mamlakati tarixida ushbu nufuzli unvonni qo‘lga kiritgan birinchi ayol bo‘ldi.
Tanlovning 72 yilligi 31-may kuni Hindistonning Haydarobod shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning 108 mamlakatidan kelgan go‘zallar ishtirok etdi. G‘alaba tojini Opalga 2024-yilgi g‘oliba — Chexiya vakilasi Krystina Pishkova topshirdi.
Final bosqichida Efiopiya vakilasi Hasset Dereje Admassu ikkinchi o‘rinni, Polsha vakilasi Maja Klajda uchinchi o‘rinni, Martinika vakilasi Oreli Joaxim esa to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Opalning nutqi hakamlar hay’atiga kuchli taassurot qoldirdi. U sahnada shunday dedi: “Go‘zallik faqat tashqi ko‘rinish emas, balki boshqalarga umid va kuch berishdir. Men ushbu unvon orqali ilhom manbai bo‘lishni istayman.”
Opal 2003-yilda Tailandning Pxuket shahrida tug‘ilgan. U tay, ingliz va xitoy tillarini yaxshi biladi. Hozirda Bangkokdagi Tammasat universitetida siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar yo‘nalishida tahsil olmoqda.
U 16 yoshida ko‘krak sohasidagi o‘simta tufayli operatsiya qilingan. Bu voqea uning hayotini tubdan o‘zgartirgan. Shundan so‘ng, u “OpalForHer” nomli ijtimoiy loyihani boshlab, ko‘krak bezi saratoni haqida ayollar o‘rtasida xabardorlikni oshirishga harakat qilmoqda. Ushbu tashabbusi tanlovda yuqori baholandi.
Tantanani 2016-yilgi “Dunyo go‘zali” Kristefani Del Val (Puerto-Riko) va hind boshlovchisi Sachin Kumbar olib bordi. Hindiston vakilasi Nandini Gupta esa kuchli 20 talik ro‘yxatiga kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Opalning g‘alabasi nafaqat Tailandda, balki butun Janubi-Sharqiy Osiyoda katta quvonch bilan kutib olindi.