Hindistonning shimoli-sharqidagi Sikkim shtatida kuchli musson yomg‘irlari keltirib chiqargan suv toshqinlari va yer ko‘chishi oqibatida 1 500 dan ortiq sayyoh tog‘li hududlarda qolib ketdi.
Rasmiylarga ko‘ra, sayyohlar asosan Lachen va Lachung qishloqlarida bo‘lib, bu hududlarga olib boruvchi yo‘llar ko‘chkilardan so‘ng yopilgan.
Hukumat favqulodda holat e’lon qildi va sayyohlarga mehmonxonalarni tark etmaslikni, xavfsiz joylarda qolishni tavsiya qilmoqda. Tista daryosida suv sathi keskin ko‘tarilib, muhim ko‘priklar va yo‘llarga zarar yetgan. Hududga kirish yo‘llari vaqtincha yopilgan, evakuatsiya ishlari davom etmoqda.
Mahalliy rasmiylarning xabar berishicha, Manqan tumanida sayyohlar ketayotgan avtomobil Tista daryosiga qulashi natijasida bir kishi halok bo‘ldi, ikki kishi jarohatlandi, sakkiz kishi bedarak yo‘qolgan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari kuchli yomg‘ir va daryo sathining yuqoriligi sabab to‘xtatilgan.
Favqulodda vaziyat faqat Sikkim bilan cheklanmayapti. Yaqin atrofdagi Assom, Arunachal-Pradesh, Meghalaya, Mizoram va Nagaland shtatlarida ham kuchli yog‘ingarchilik talafotlarga olib keldi. Kamida 30 kishi halok bo‘ldi, minglab odamlar o‘z uylarini tark etdi.
Hindiston meteorologiya xizmati yog‘ingarchilik hali davom etishini ma’lum qilgan. Aholiga ehtiyotkorlik bilan harakat qilish va imkon qadar uyda qolish tavsiya etilgan. Rasmiylar yordam va evakuatsiya choralarini ko‘rishda davom etmoqda.