Xitoy avtomobil sanoatida “narxlar urushi” avj olmoqda. Mahalliy gigant BYD kompaniyasi o‘zining 22 ta elektr va gibrid modeliga 10 foizdan 34 foizgacha chegirmalar e’lon qilgani ortidan bozorda keng miqyosli narx pasayishlari kuzatildi. Bu chegirmalar 2025-yil 30-iyungacha amal qiladi.
BYDning bu qarori boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar, jumladan Geely, IM Motors va Leapmotorni ham o‘z mahsulotlari narxlarini pasaytirishga undadi. Narx siyosati bo‘yicha boshlangan bu to‘lqin aksiyalarga ham ta’sir ko‘rsatdi: Li Auto, NIO va XPeng kabi kompaniyalar ulushlari pasaygan.
Xitoy Avtomobil Ishlab chiqaruvchilari Assotsiatsiyasi bu holatni “shafqatsiz raqobat” deb atadi va narxlar urushi sanoatning umumiy rentabelligiga zarar yetkazayotganini ta’kidladi.
“Great Wall Motor” rahbari Vei Jianjun esa holatni “Evergrande fojeasi arafasidagi muhit”ga o‘xshatdi.
Raqobatning haddan tashqari kuchayishi sanoatni beqarorlashtirayotgan bir vaqtda, Xitoy Sanoat va Axborot Texnologiyalari Vazirligi narxlar urushini jilovlash uchun choralar ko‘rishini ma’lum qildi.
Mazkur narx siyosati xalqaro bozorlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. BYD Yevropa bozorida Tesla’ni ortda qoldirgan bo‘lsa-da, Yevropa Ittifoqi Xitoy elektromobillariga subsidiya tufayli yangi tariflar joriy qilishni ko‘rib chiqmoqda. Bu esa BYDning xalqaro o‘sishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.