Prezident Donald Tramp 19-may kuni “Take It Down Act” nomli yangi qonunni imzoladi. Ushbu qonun internetda roziliksiz shaxsiy yoki intim tasvirlarni jumladan, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta kontentlarni tarqatishni federal jinoyat deb belgilaydi.
Oq uyda boʻlib oʻtgan rasmiy marosimda Trampga birinchi xonim Melaniya Tramp hamrohlik qildi. Melaniya qonunni ramziy tarzda imzolab, uni oʻzining “Be Best” tashabbusining mantiqiy davomi sifatida taqdim etdi. U mazkur hujjatni internetdagi zoʻravonlikdan bolalar va yoshlarni himoya qilishga qaratilgan muhim qadam deb atadi.
Qonunga koʻra, jabrlangan shaxsning roziligisiz tarqatilgan kontentni 48 soat ichida internet platformalari olib tashlashi shart. Aks holda, veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar yuridik javobgarlikka tortilishi mumkin.
Kongress qonunni yuqori darajada qoʻllab-quvvatladi: Senatda bir ovozdan, Vakillar palatasida esa 409-2 ovoz bilan qabul qilindi.
Qonun tarafdorlari uni jinsiy ekspluatatsiyaga qarshi kurashdagi muhim yutuq deb baholadi. Biroq tanqidchilar qonunning noaniq tili ifoda erkinligiga zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Qonun 2025-yilning yozida kuchga kiradi va federal qonunchilik tarixida internetdagi raqamli tahdidlarni jiddiy ravishda jazolashga qaratilgan ilk huquqiy asoslardan biri sifatida qayd etilmoqda.