O‘tgan yili Qoraqalpog‘istonda spirtli ichimlik iste’mol qilib rulga o‘tirgan Lacetti haydovchisi yo‘ldan chiqib ketib, avtomobilini kanalga tushirib yuborgan edi. Mashinada bo‘lgan besh yo‘lovchidan uchtasi – 21-22 yoshli yigitlar voqea joyida halok bo‘lgan. Haydovchi va yana ikki yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi YHXX matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea tafsilotlari sudda ko‘rib chiqilib, haydovchiga hukm o‘qildi.
Sud 25 yoshli haydovchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (yo‘l harakati yoki transport vositalari ekspluatatsiyasi xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odamlarning o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha aybdor deb topdi.
Sud hukmiga ko‘ra, u 9 yil ozodlikdan mahrum etildi hamda 3 yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.
Jazoni koloniya-poseleniyeda o‘taydi.