Shifokorlar va farmatsevtlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, kasbiy faoliyatga ruxsat olish tizimi joriy etiladi. Ixtiyoriy ravishda maxsus imtihon topshirib ro‘yxatdan o‘tganlarning oyligiga ustama to‘lanadi. Bu Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-242-son farmoni bilan tasdiqlangan sog‘liqni saqlash milliy dasturida belgilangan.
Tibbiyot xodimlari uchun nima o‘zgaradi
- tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali kasbiy faoliyatga ruxsat berish tizimi joriy etiladi;
- ixtiyoriy maxsus imtihonlar asosida ro‘yxatdan o‘tganlarga oylik maoshga ustama to‘lash orqali tizim tezlashtiriladi;
- oliy va o‘rta ma’lumotli tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlari 2030-yilgacha 100 foiz uzluksiz kasbiy ta’lim bilan qamrab olinadi;
- tibbiy oliygohlar o‘quv dasturlari Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) standartlariga moslashtirilib, akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Bu choralar 2027–2030-yillarda amalga oshiriladi. Ijroga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul.
Bu kimga tegishli?
Shifokorlar, hamshiralar va farmatsevtlarga. Imtihon ixtiyoriy, lekin uni topshirganlar oylikka ustama oladi. Imtihon tartibi va ustama miqdori alohida hujjat bilan belgilanadi. Shu farmondagi bepul dorilar bo‘yicha yangiliklar — alohida maqolamizda.




