Homilador va 3 yoshgacha farzandini tarbiyalayotgan talaba qizlar uchun oliy ta’limda bir qator yengilliklar joriy etildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-son qarori bilan bir nechta hukumat qarorlariga kiritilgan o‘zgartishlarda belgilangan.
Shaxsiy jadval keyingi o‘quv yiliga o‘tishi mumkin
Sirtqi, maxsus sirtqi va kechki ta’limda uzrli sabab bilan fanlarni o‘z vaqtida o‘zlashtira olmagan talabalarga shaxsiy jadval beriladi. Odatda bu jadvaldagi muddat keyingi o‘quv yiliga o‘tmasligi kerak. Endi homilador va 3 yoshgacha farzandi bor talaba qizlar uchun istisno qilindi: ularning shaxsiy jadvali keyingi o‘quv yiliga o‘tishi mumkin. Bunda talabaning davlat granti asosidagi maqomi saqlanib qoladi.
Chetlashtirilganlarga “ikkinchi imkoniyat”
Kursdan-kursga qolgan yoki talabalar safidan chetlashtirilgan homilador va 3 yoshgacha farzandi bor talaba qizlarga o‘qishni davom ettirish uchun “ikkinchi imkoniyat” beriladi:
- ular istisno tariqasida qolgan yoki chetlashtirilgan kursidan o‘qishni davom ettiradi;
- fanlar farqini mustaqil topshirish uchun 2 yilgacha muddat beriladi;
- fanlar farqini topshirish uchun pul olinmaydi;
- o‘quv dasturi, darsliklar, elektron ma’ruzalar va o‘qituvchilardan onlayn maslahat HEMIS tizimi orqali beriladi.
Bu imkoniyat har bir homiladorlik yoki 3 yoshgacha farzand tarbiyasi holati uchun bir marta beriladi.
Akademik ta’tildan qaytganlar uchun ham
Akademik ta’tildan qaytgan talaba qizlarga ham fanlar farqini topshirish uchun 2 yilgacha muddat beriladi va bunda to‘lov undirilmaydi. Ular o‘quv dasturi va o‘quv materiallari bilan ta’minlanadi.
Qo‘shma dasturlarda chet elga bormasdan o‘qish
Xorijiy universitet bilan qo‘shma ta’lim dasturida o‘qiyotgan homilador yoki 3 yoshgacha farzandi bor talaba qizlar hamkor universitet roziligi bilan chet elga bormasdan o‘qishni davom ettirishi mumkin. Homiladorlik mehnatga layoqatsizlik varaqasi, farzand parvarishi esa bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan tasdiqlanadi. Keyingi ta’lim yo‘nalishini ikki universitet kelishib belgilaydi.
Avvalroq tug‘ruq nafaqasi qanday hisoblanishi haqida batafsil yozgan edik.




