Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 839.59 +6.22 EUR 13 569.35 −8.26 RUB 140.42 +0.63

Kafil va qo’shimcha qarz oluvchining farqi nimada?

i 13 scaled

Qoʻshimcha qarz oluvchi va kafil instituti fuqarolik huquqida keng qoʻllaniladigan moliyaviy majburiyatni taʼminlash vositalaridan hisoblanadi. Ular qarz munosabatlarida oʻxshash vazifani bajargandek tuyulsa-da, huquqiy tabiati va javobgarlik darajasi jihatidan bir-biridan keskin farq qiladi.

 

Avvalo, qoʻshimcha qarz oluvchi tushunchasi haqida soʻz yuritsak, u qarz shartnomasida asosiy qarzdor bilan bir xil huquq va majburiyatlarga ega boʻlgan shaxs hisoblanadi. Fuqarolik kodeksining 251-moddasiga muvofiq, agar bir necha shaxs bir majburiyatni bajarish uchun javobgar boʻlsa va shartnoma yoki qonun boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ularning javobgarligi solidar javobgarlik hisoblanadi. Demak, qoʻshimcha qarz oluvchi ham asosiy qarzdor kabi qarzni toʻlash, foizlarni va boshqa shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish yuzasidan teng masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi.

 

Bank yoki kreditor nuqtayi nazaridan, qoʻshimcha qarz oluvchi ham qarzni oluvchi shaxs sifatida qaraladi.

 

Masalan, agar bank ikki shaxsga birgalikda kredit bergan boʻlsa, ularning har biri qarzni toʻliq toʻlash majburiyatini zimmasiga oladi. Bank qarzni ulardan biri yoki har ikkisidan birgalikda talab qilish huquqiga ega. Shu bilan birga, qarzni toʻliq toʻlagan qoʻshimcha qarz oluvchi keyinchalik ikkinchi qarzdordan uning ulushini regress tartibida qaytarib olish huquqiga ega boʻladi.

 

Endi kafillik munosabatlari haqida gaplashsak, u Fuqarolik kodeksining 292–299-moddalarida huquqiy jihatdan tartibga solingan. Kafillikning mohiyati shundaki, kafil qarzdorning majburiyatini toʻgʻridan-toʻgʻri bajarish uchun emas, balki u majburiyatni bajarmagan taqdirda uning oʻrniga bajarishni oʻz zimmasiga oladi. Yaʼni, kafil — bu moliyaviy ishonch kafolatini beruvchi shaxs boʻlib, u asosiy qarz shartnomasida toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etmaydi, balki alohida kafillik shartnomasi asosida javobgar boʻladi.

 

Kafilning javobgarligi faqat qarzdor oʻz majburiyatini bajarmaganida vujudga keladi. Agar qarzdor kreditni oʻz vaqtida toʻlasa, kafilga nisbatan hech qanday talab qoʻyilmaydi. Biroq qarzdor qarzni toʻlamasa, bank yoki kreditor kafilga murojaat qilib, qarzni u orqali undirish huquqiga ega boʻladi. Kafil qarzni toʻlab bergandan soʻng, u mablagʻni qarzdordan qaytarib olish huquqiga ega boʻladi. Bu holat Fuqarolik kodeksining 298-moddasida  mustaxkamlangan.

 

Qoʻshimcha qarz oluvchi va kafil oʻrtasidagi huquqiy farq shundaki, qoʻshimcha qarz oluvchi qarz majburiyatining asosiy ishtirokchisi, kafil esa uning taʼminlovchisi hisoblanadi. Qoʻshimcha qarz oluvchi qarz mablagʻidan foydalanishi, uning hisobidan foyda koʻrishi mumkin boʻlsa, kafil bu mablagʻ bilan ish yuritmaydi, faqat xavfni oʻz zimmasiga oladi.

 

Amaliyotda bu farqning ahamiyati katta.

 

Masalan, agar bank 100 million soʻm kredit bergan boʻlsa va ikki shaxs shartnoma boʻyicha birgalikda qarzdor boʻlib qayd etilgan boʻlsa, bank qarzni har ikkalasidan ham talab qilishga haqli boʻladi. Bu holda ular qoʻshimcha qarz oluvchilar hisoblanadi. Ammo agar ikkinchi shaxs faqat “men kafolat beraman” deb imzo qoʻygan boʻlsa, u faqat qarzdor qarzni toʻlamasa, shundagina bank oldida javobgarlikka tortiladi.

 

Xulosa qilib aytganda, qoʻshimcha qarz oluvchi va kafil institutining asosiy farqi ularning majburiyatga munosabatida namoyon boʻladi. Qoʻshimcha qarz oluvchi — majburiyatni toʻgʻridan-toʻgʻri bajarish majburiyatini oluvchi shaxs boʻlsa, kafil — majburiyat bajarilmagan taqdirda uni bajarishga rozi boʻlgan shaxsdir. Har ikki institut fuqarolik muomalasida kreditor manfaatini himoya qilishga xizmat qiladi, biroq ularning huquqiy asoslari va javobgarlik doirasi turlicha.

 

Manba