AQShda Kaliforniyadagi eng yirik yong‘in sababchisi — gumonlanuvchi hibsga olindi.
Uber (taksi xizmati) haydovchisi Jonatan Rinderknextning yong‘in keng tarqalishidan bir hafta oldingi shubhali harakatlari tergovchilarning e’tiborini tortgan.
Ma’lumot uchun: 2025-yil boshida Kaliforniyada yuz bergan misli ko‘rilmagan yong‘in eng dahshatli ofatlardan biri sifatida AQSh tarixiga kirdi. Yong‘in Pasifik-Paliseyds va Malibu tumanlarida 10 ming gektar yerga tarqalib, yetti mingga yaqin binoni yo‘q qilgan. Fojia oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan. Yetkazilgan moddiy zarar taxminan 250-275 mlrd dollarni tashkil etgan (barcha ma’lumotlar turli manbalarda farqlanadi — tahr.). Kaliforniya yong‘ini 2023-yildagi Gavayi o‘rmon yong‘inlari va 2024-yildagi Helen to‘fonidan ko‘proq zarar keltirgan.
Kaliforniyadagi yong‘in 2025-yilning 7-yanvarida keng tarqalgan, ammo tergovchilarning ta’kidlashicha, olov olti kun avval yoqilgan. Yangi yil arafasida, 31-dekabr soat 23:15 da Uber haydovchisi Rinderknext so‘nggi yo‘lovchilarni manzilga yetkazib qo‘yadi. Yo‘lovchilar keyinchalik guvohlik berishicha, taksi haydovchisi o‘sha payt qattiq hayajonlangandek tuyulgan. Oradan 13 daqiqa o‘tib Rinderknext o‘z smartfoni (iPhone)da fransuz qo‘shiqchisi Josmanning «Un Zder, Un The» qo‘shig‘ini tinglagan. Tergovchilarning ta’kidlashicha, qo‘shiq «umidsizlik va achchiqlanish» haqida. Google ma’lumotlariga ko‘ra, Rinderknext bungacha to‘rt kun ham xuddi shu qo‘shiqni to‘qqiz marta tinglagan.
Shundan so‘ng haydovchi mashhur Skall-Rok piyodalar yo‘lagi tomon yo‘l olgan. To‘rt daqiqadan so‘ng mashinasini to‘xtatib, shu atrofda yashovchi do‘sti bilan bog‘lanishga behuda uringan. Soat 23:47 da Rinderknext so‘qmoq bo‘ylab yurib, hududni suratga va videoga olgan, soat 23:54 da esa yana «Un Zder, Un The»ni tinglagan.
Ushbu hududda yong‘inning dastlabki alomatlari soat 00:12 da kameralar orqali qayd etilgan. Bu paytda Rinderknext 911 xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishga urinib ko‘rgan, ammo uyali aloqa yo‘qligi sababli qo‘ng‘iroq amalga oshmagan. Nihoyat soat 00:17 da u favqulodda xizmat operatori bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi yong‘in haqida xabar bergan, biroq shu atrofda yashovchilar ham xuddi shunday qo‘ng‘iroq qilishga ulgurishgan edi. Shundan so‘ng, gumonlanuvchi ChatGPT ilovasiga «Agar yong‘in sizning sigaretangiz tufayli boshlangan bo‘lsa, o‘zingizni aybdor his qilasizmi?» degan savolni kiritgan. Sun’iy intellekt tasdiq javobini berib, buni izohlagan. Bundan tashqari, tergovchilar ChatGPT gumonlanuvchining so‘roviga ko‘ra yonayotgan Los-Anjeles tasvirlarini yaratganini aniqlashdi.
Soat 00:20 larda Rinderknext hududni aylanib chiqqan, voqea joyiga ketayotgan o‘t o‘chirish mashinalarini ko‘rib, ularga ergashgan. Gumonlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u yong‘in o‘chog‘igacha yetib borib, o‘z yordamini taklif qilgan.
O‘t o‘chirish 1-yanvar sanasida kun bo‘yi davom etgan, yong‘inga qarshi vositalar, ularni takroran qo‘llash zarurati tug‘ilganda foydalanish uchun, shu joyda qoldirilgan. Yong‘in to‘liq o‘chirilganiga ishonch hosil qilgan o‘t o‘chiruvchilar asbob-uskunalarni yig‘ishtirib olish uchun 2-yanvar kuni qaytib kelishgan. Tergov xulosasiga ko‘ra, aslida yong‘in o‘chmagan, kuchli shamol uning uchqunlarini hammayoqqa tarqatib yuborgan.
Hozir Jonatan Rinderknext hibsda saqlanmoqda.