Isroil Qurolli Kuchlari Yamandagi husiylar nazoratida bo‘lgan muhim infratuzilmalarni nishonga olib, “Qora bayroq” nomli harbiy operatsiyani boshladi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Isroel Kats rasmiy bayonot berdi.
Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, havo hujumlari Yamanning Hodeyda, Ras-Isa va As-Salif portlari, Ras-Katib elektr stansiyasi hamda “Galaxy Leader” nomli kemaga qaratilgan.
Mazkur kema 2023-yilda husiylar tomonidan egallab olingan bo‘lib, hozirda Qizil dengizda kuzatuv va “terrorchilik faoliyati” uchun ishlatilayotgani aytilmoqda. Isroil ushbu obyektlar orqali mamlakatga tahdid solayotgan hujumlarni to‘xtatish maqsadida hujum uyushtirganini ma’lum qildi.
Mudofaa vaziri Isroel Kats ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida shunday dedi:
“Ogohlantirgan edim: Yaman taqdiri – Tehron taqdiriga o‘xshaydi. Kim Isroilga zarba bermoqchi bo‘lsa, o‘zi javob zarbasini oladi. Kim qo‘l ko‘tarsa, o‘sha qo‘lidan ayriladi.”
Isroil rasmiylariga ko‘ra, bu havo hujumlari so‘nggi bir oy ichidagi ilk zarbalar bo‘lib, husiylar tomonidan Qizil dengizdagi kemalar va Isroil hududiga qarshi bosim ortib borayotgani fonida amalga oshirilgan.
Shuningdek, Reuters xabariga ko‘ra, Isroil zarbalaridan so‘ng husiylar Tel-Avivdagi Ben-Gurion xalqaro aeroporti tomon gipertovushli ballistik raketa uchirgan. Boshqa bir xalqaro manbaga ko‘ra, Britaniya dengiz xavfsizligi agentligi Qizil dengizda Gretsiyaga tegishli kemaning husiylar tomonidan cho‘ktirilgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.