Rossiya Davlat Dumasining rais o‘rinbosari Vladislav Davankov taniqli amerikalik milliarder Ilon Mask Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ragani haqida bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi so‘rov Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga yuborilgan va unga bir oy ichida javob berilishi kutilmoqda.
Davankov bu fikrni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida aytgan. U Maskning siyosiy qarorlari muhokamaga sabab bo‘layotgan bo‘lsa-da, uni innovatsion yondashuvi va texnologik qarashlari uchun qadrlash lozimligini urg‘uladi.
“Menimcha, Ilon Mask ayrim xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin, lekin bu xatolarni kechira olish kerak. Agar u AQShda qololmasa, biz uni har doim kutamiz. U texnologiyaga oid qarashlari, kelajakni ilg‘ab olish salohiyati bilan juda kuchli inson,” — dedi Davankov.
Ushbu bayonot ortidan Rossiya va xalqaro OAVda “Ilon Mask Rossiyadan siyosiy boshpana so‘radi” mazmunidagi sarlavhalar keng tarqaldi.
“Yangi odamlar” partiyasi matbuot xizmati ushbu masalaga oydinlik kiritib, “Podyom” nashriga bergan izohida Maskdan hech qanday rasmiy murojaat bo‘lmaganini, Rossiya TIVga yuborilgan so‘rov — bu shaxsiy ravishda deputat Davankov tomonidan jo‘natilgan maktub ekanini bildirdi.
“Barchasi noto‘g‘ri talqin qilindi. Ilon Maskning o‘zi siyosiy boshpana so‘ramagan. TIVga yuborilgan so‘rov — bu Vladislav Davankovning tashabbusi,” — deyiladi partiya bayonotida.
Hozircha Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham, Kreml ham bu borada rasmiy izoh bermagan. Ilon Maskning o‘zi ham ushbu holat yuzasidan biror izoh bermagan.