O‘zbekistonda 25 yoshli erkak Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga qo‘shilib, Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun besh yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. Bu haqda TASS sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2021-yil iyul oyida ish izlab Rossiyaning Samara viloyatiga ketgan. 2022-yil noyabr oyida “Vagner” safiga qo‘shilgan va Rossiya Ukrainada olib borayotgan “maxsus harbiy operatsiya” hududida jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
2024-yil oktabrda O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng, huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olingan. Tergov davomida uning telefonida jangovar hududdagi ishtirokini tasdiqlovchi foto va video materiallar topilgan.
Sud uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi ( yollanma jangchi bo‘lish) bo‘yicha aybdor deb topdi va besh yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
O‘zbekiston qonunchiligida yollanma jangchi sifatida harbiy harakatlarda qatnashish uchun eng ko‘pi bilan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.