O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqqani nafaqat sport maydonida, balki jonli efirdagi kutilmagan holat bilan ham ijtimoiy tarmoqlarda muhokama markaziga aylandi.
Abu-Dabidagi “Al Nahayon” stadionida boʻlib oʻtgan hal qiluvchi o‘yindan so‘ng, “O‘zbekiston 24” telekanali jurnalisti Dilrabo Alimova futbolchilar Otabek, Abbos, Eldor va Jaloliddin bilan jonli efirda intervyu o‘tkazdi.
Ammo suhbat davomida orqa fonda futbolchi Abduqodir Husanovning suv quyib yurgani kadrlarga tushib qoldi. Bu holat jonli efirda ro‘y bergani sababli, ko‘plab foydalanuvchilar tomonidan “kutilmagan mini-shou” sifatida talqin qilindi.
Operator Nuriddin Qarshiyev esa chalg‘ituvchi omillarga qaramay, efirni uzmasdan professional tarzda suratga olishni davom ettirdi.
Ushbu lahza ijtimoiy tarmoqlarda kulgili memlar va ijobiy izohlar bilan qarshi olinib, ko‘pchilik bu vaziyatni “o‘zbekona yumor va professionallikning jonli namoyishi” deb baholadi.
Terma jamoaning tarixiy yutug‘i fonida bu kadrlar muxlislar uchun esda qolarli lahzaga aylandi.