Nyu-Yorkdagi “Clouds Architecture Office” firmasi tomonidan ishlab chiqilgan “Analemma Tower” loyihasi Yer orbitasida harakatlanadigan asteroidga osilgan holatda 32 kilometr balandlikda qurilishi rejalashtirilgan.
Me’moriy g‘oyaning taqdimoti Dubayda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan eng innovatsion loyihalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Loyihada ko‘zda tutilgan bino “Universal Orbital Support System” (UOSS) — ya’ni universal orbital tayanch tizimi — asosida yaratiladi. Bu tizimda asteroid Yer atrofida geosinxron orbitada joylashtiriladi va undan mustahkam kabel yerga tushiriladi. Kabelga osilgan bino Yer bilan har kuni bir xil nuqtada uchrashib turadi.
Inshootning ichki makoni bir nechta zonalarga bo‘linadi: pastki qavatlarda ofislar, o‘rta darajadagi qavatlarda turar joylar, yuqori qismlarda esa ibodat joylari va hatto kosmik dafn marosimlari uchun mo‘ljallangan maxsus zonalar tashkil etilishi kutilmoqda.
Bino quyosh energiyasi bilan ishlaydi. Kosmik panellar yordamida to‘planadigan energiya binoni butunlay o‘z-o‘zini ta’minlaydigan tizimga aylantiradi. Suv ta’minoti esa havodagi namlik va yomg‘ir suvini yig‘ish orqali hal qilinadi. Ushbu resurslar tozalab, qayta ishlanadi.
Balandlikdagi joylashuvi sabab, binoda yashovchilar kuniga qo‘shimcha 45 daqiqa quyosh nuridan bahramand bo‘lishadi. Shu bilan birga, inshoot Yer atrofida soatiga 300 km tezlikda harakatlanadi.
Ammo loyiha hali nazariy darajada. Kosmik kabelni yaratish uchun zarur bo‘lgan karbon nanotrubkalar yoki grafen materiallari sanoat miqyosida yetarli darajada ishlab chiqarilmayapti.
Shuningdek, asteroidni orbitaga chiqarish, uni barqaror ushlab turish texnologiyalari ham hali to‘liq amaliyotga tatbiq etilmagan.
“Analemma Tower” loyihasi dunyo arxitekturasi tarixida misli ko‘rilmagan hodisa bo‘lishi mumkin, biroq hozircha u kelajak orzusidan nariga o‘tmayapti.