Yakshanba kuni ertalab Somali poytaxti Mogadishudagi harbiy baza oldida sodir bo‘lgan xudkushlik hujumi oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, yana 15 nafari jarohat oldi, deya xabar qildi rasmiylar.
Hujum poytaxtning Damanyo tumanidagi Somali Milliy Armiyasiga qarashli bazada yuz berdi. Portlash vaqti yuzlab yoshlar xizmatga yozilish uchun navbatda turgan edi.
Guvohlarning aytishicha, motorikshada kelgan kishi kutilmaganda navbatdagi fuqarolar orasiga kirib, o‘zini portlatgan. Halok bo‘lganlarning aksariyati xizmatga yozilmoqchi bo‘lgan yoshlardir. Yaradorlarning kamida uchtasi og‘ir ahvolda.
Radikal islomiy guruh al-Shabab hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Guruh 2007-yildan beri Somali hukumati va xalqaro kuchlarga qarshi kurash olib bormoqda hamda mamlakatdagi harbiy va rasmiy obyektlarni nishonga olishda davom etmoqda.
Portlashdan bir kun oldin, Hiiraan mintaqasida 26-batalyon komandiri polkovnik Abdirahman Hujaale qurolli hujumda o‘ldirilgan edi.
Somali rasmiylari va xalqaro hamjamiyat, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari va Misr, ushbu hujumni keskin qoralab, qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirdi.
Rasmiylar qurbonlar soni ortishi mumkinligini istisno etmayapti. Hodisa bo‘yicha tergov olib borilmoqda.