Davlat rahbari ta’lim dasturlari ilg‘or xorijiy tajribalarga moslashtirilayotgani, darsliklar yangilanayotgani va maktablar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanayotganini e’tirof etdi. Biroq u o‘qituvchilarning yangi metodikalarni qay darajada o‘zlashtirayotgani, shuningdek, ta’lim sifati kafolatlanayotganiga shubha bildirdi.
“Yutuqlarimiz bor, lekin tizimdagi muallimlarning o‘z ustida ishlashi, metodika va sifat bilan ishlash madaniyati hali ham talab darajasida emas,” — dedi Prezident.
Ta’kidlanishicha, ikki yil avval o‘qituvchilarga malaka toifasi berish tizimi raqamlashtirilib, shaffof platforma orqali amalga oshirilmoqda. Bu yangilik real holatni ochiqlab berdi. Masalan, o‘tgan yili 341 ming o‘qituvchi yangi tizim asosida malaka toifasiga imtihon topshirgan, ammo ulardan 102 ming nafari sinovdan o‘tolmagan.
Yangi yondashuv ishga qabul qilish jarayonlariga ham ta’sir qilgan. Endilikda faqat diplomga emas, balki amaliy bilim va malakaga qarab baho berilmoqda. Natijada, yangi tizim bo‘yicha test topshirgan 13 ming nomzoddan 6 ming nafari yetarli bilim ko‘rsatolmagani sababli ishga qabul qilinmagan.
Prezident, shuningdek, pedagog kadrlar tayyorlashdagi jiddiy bo‘shliqlarga e’tibor qaratdi. Ayni paytda mamlakatdagi 61 ta xususiy oliy o‘quv yurti pedagoglarni tayyorlamoqda. Ammo ularning birortasida kimyo, biologiya va fizika fanlari bo‘yicha o‘qituvchi tayyorlanmayotgani tanqid qilindi.