O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatda go‘sht boshqa davlatlarga nisbatan arzon narxda sotilayotganini bildirdi. Rasmiy munosabatda go‘sht narxiga ta’sir qilayotgan omillar, mintaqaviy solishtirmalar va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari keltirilgan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida Qirg‘izistondan keyin go‘sht eng arzon sotiladigan mamlakat hisoblanadi. Bunga qaramay, so‘nggi yillarda mamlakatda go‘sht ishlab chiqarish xarajatlari sezilarli oshgan.
BMT FAO ma’lumotlariga ko‘ra, go‘sht narxining o‘sishi global tendensiya bo‘lib, importga qaram davlatlar bozorida talab yuqoriligi bunga sabab bo‘lmoqda. Rossiyada 1 kg mol go‘shti $10−12, Turkiyada — $12−14, Shvetsiyada esa $46 dan yuqori narxda sotilmoqda.
O‘zbekistonda esa:
- Arzonlashtirilgan rastalarda: 65−75 ming so‘m;
- Dehqon bozorlari va yirik savdo rastalarida: 90−100 ming so‘m;
- Suyaksiz lahm go‘sht: 110−130 ming so‘m;
Narx oshishining asosiy sabablari
2024-yilning ikkinchi yarmida yem-ozuqa narxi 30−80% gacha oshgan. Elektr energiyasi, mehnat va transport xarajatlari ham go‘sht tannarxiga bevosita ta’sir qilmoqda. Ozuqa bilan ta’minlanganlik darajasi hozirda 35−40% atrofida.
Shuningdek:
- Chorvachilik mahsulotlari hajmi so‘nggi besh yilda 3 barobar oshdi;
- Naslchilik korxonalari soni 1 900 taga yetdi;
- 2024-yilda 2,9 mln tonna go‘sht ishlab chiqarilgan, import hajmi esa faqat 5,4% ni tashkil etdi;
Vazirlik fikricha, asosiy muammo narxda emas, balki xarid qobiliyati, ozuqa tanqisligi va logistika bosqichidagi murakkabliklarda.